Metro barcha uchunmi? Yoxud metrodan foydalana olmayotganlar haqida
Bir kunda poytaxt metropolitenidan bir necha yuz minglab odamlar foydalanishadi. Yerosti yoʻli yoʻlovchilar uchun shahar tirbandliklarida vaqt yoʻqotmay manzilga yetishning qulay transport vositasi boʻlib qolgan. Ammo metro haqiqatan ham jamiyatimizdagi barchaning ogʻirini yengil qilyaptimi?

Jamiyatimizda biz bilan bir qatorda yashayotgan odamlar bor. Ammo ularga metroga tushish uchun yetarlicha sharoit yaratilmagan. Yaʼni nogironlik aravachasidagi insonlar uchun metropolitenimizda tushish lifti yoʻq.
Juda koʻp guvoh boʻlaman: Chilonzor yoʻnalishida nogironligi boʻlganlar aravalarda metroga tushish uchun atrofdagilardan yordam soʻraydi va oʻzi alohida, aravasi alohida bazoʻr tushib olishadi. Koʻpchiligi esa noiloj boshqa transport vositasini tanlashadi.
Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyani Oʻzbekiston 2009 yil 27 fevralda imzolagan va u yurtimizda 2021 yil 28 iyuldan kuchga kirgan.
Konvensiyaning 19-moddacida esa, umumiy foydalanishga moʻljallangan xizmatlar va obʼektlardan nogironligi boʻlganlar ham teng darajada foydalanishi hamda bu ularning ehtiyojiga javob berishi belgilangan. Ammo bu talabga metropolitenimiz javob beradimi? Kunda-kunora guvohi boʻlayotganlarimizdan esa bu savolga yoʻq deya javob berishga asosimiz yetarli.
Shunday ekan, boshqa huquqlarini qoʻya turaylik, birgina metropoliten xizmatidan foydalanish uchun nogironligi boʻlganlarga sharoit yaratilmagani bu toifa fuqarolarimizning huquqlar poymol qilinayotganidan dalolat emasmi?
Xoʻsh, nega metropolitenimizda nogironlar tushish joyi yoʻq? Bu masala “yuqoridagilar”ning hech xayoliga kelmaydimi?
Yoki jamiyatimizda oʻz oʻrni borlarni huquqlarini poymol qilish jinoyat emasmi?
Agar hartugul metroda nogironlar uchun sharoit yarata olmasak, uning chiroyini maqtashga ne hojat?
Darvoqe, bugun Xalqaro nogironlarning huquqlari uchun kurash kuni nishonlandi. Ana shu kunning ayni mavzusi sifatidagi mulohazalarimiz masʼullarning eʼtiboriga tushsa, ne ajab?!
Fazilat MIRZAAHMADOVA,
OʻzJOKU 2-bosqich talabasi
