Chilonzordagi 230-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida sodir boʻlgan holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Tarmoqlarda Toshkentdagi bogʻcha direktorining 15 yoshli oʻgʻli 4 nafar qizchaga tegajogʻlik qilgani haqida xabar tarqalgandi. Bosh prokuratura holatni nazoratga olgandi.

Chilonzordagi 230-sonli bolalar bogʻchasida direktorning 15 yoshli (9-sinf) oʻgʻli 6 yosh atrofidagi 4 nafar qizchaga, ular uxlashga yotgan vaqtida tegajogʻlik qilgani haqida xabarlar tarmoqlarda tarqalgandi. Tarqalgan xabarlarda ushbu holatga kamida 3−4 nafar bola guvoh boʻlib qolgani qayd etilgan. Direktor esa buni “tuhmat” deb atagan.
Bosh prokuratura maktabgacha taʼlim tashkilotida sodir boʻlgan ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 119-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.