Xalqaro Konvensiyani ratifikatsiya qilgan 47 davlat qatoriga Oʻzbekiston ham qoʻshildi
Konvensiyaning asosiy maqsadi - milliy qonunchilik yoki meʼyoriy hujjatlar orqali ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish va cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

Senatning qirqinchi yalpi majlisining ikkinchi kunida “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish toʻgʻrisidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Senatorlar tomonidan Konvensiyani ratifikatsiya qilishda tizimli nazorat choralarini, shu jumladan, ish joylarida mehnat sharoitlarini, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining ogʻirligi va tigʻizligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash belgilangani maʼlum qilindi.
Taʼkidlash kerak, ushbu Konvensiya jahonning 47 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. “Hechdan koʻra kech yaxshi” deganlaridek, nihoyat Oʻzbekiston parlamenti ham uni ratifikatsiya qildi.
Majlisda ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirishga, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik boʻyicha xalqaro standartlarning samarali joriy etilishini taʼminlashga xizmat qilishini, shuningdek, mamlakatimizning xodimlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha asosiy xalqaro tamoyil va standartlarga sodiqligini namoyish etishini taʼkidlandi.
Muhokamalardan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.