Suriyaning arab davlatlari bilan munosabatlari eriy boshladimi?
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Suriya urushi boshlanganidan beri ilk bor Damashqqa bordi. Raisiyning tashrifi Eron va mintaqaviy raqib Saudiya Arabistoni oʻrtasida yillar davomida davom etgan keskinlikdan soʻng munosabatlar tiklanganidan dalolatmi?

Ibrohim Raisiy Damashqda hamkasbi Bashar Asad bilan uchrashib, Suriyaning arab davlatlari bilan munosabatlari eriy boshlaganini taʼkidladi.
Eron va Rossiyaning harbiy hamda iqtisodiy koʻmagi bilan Asad Suriyaning katta qismini mintaqa davlatlari tomonidan dastaklanayotgan sunniy muxolifat kuchlari qoʻlidan qaytarib oldi.
Raisiyning tashrifi Eron va mintaqaviy raqib Saudiya Arabistoni yillar davomida davom etgan keskinlikdan soʻng munosabatlarni tiklagani va Asaddan uzoqlashgan arab davlatlari, jumladan, rasmiy Ar-Riyod ham aloqalarni tiklagan bir paytda sodir boʻldi.
Asad Tehron va Ar-Riyod oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanayotganini olqishladi. Asad, shuningdek, Suriya, Turkiya, Rossiya va Eron rasmiylari oʻrtasida Moskvada boʻlib oʻtadigan uchrashuvlar muhimligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, maqsad “bosqinchi kuchlarni olib chiqib ketish va terroristik guruhlarni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatish” boʻlishi kerak. Bu bilan Asad Turkiyaning Suriya shimolidagi qoʻshinlari va suriyalik sunniy muxolifat kuchalarini qoʻllayotganiga ishora qilgan.
Suriya rasmiylari Damashq va Anqara oʻrtasidagi aloqalarni normallashtirish yoʻlidagi har qanday qadam Turkiya Suriyaning isyonchilar nazorati ostidagi hududlarga joylashgan minglab askarlarini olib chiqishga rozi boʻlganidan keyingina amalga oshirilishi mumkinligini taʼkidlab keladi.
Raisiy va Asad uzoq muddatli strategik hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni, jumladan, neft sanoati sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumini imzoladilar, deya xabar bergan Suriya davlat axborot agentligi. Asad bu tashrif savdo va sarmoyaga “kuchli turtki” berishiga umid bildirdi. 2011 yilda sunniy muxolifat namoyishlarni zoʻravonlik bilan bostirgani uchun Suriyani yakkalab qoʻygan arab davlatlari 12 yillik urushni tugatish va Suriyani arablar qatoriga qayta integratsiya qilish uchun yoʻl xaritasini ishlab chiqmoqda.
AQSh Davlat departamenti vakili chorshanba kuni Eron va Suriya oʻrtasidagi aloqalarning chuqurlashuvi nafaqat AQSh ittifoqchilari va mintaqadagi davlatlarni, balki butun dunyoni katta xavotirga solishi kerakligini aytdi. Matbuot kotibi Vedant Patel jurnalistlarga Vashington sheriklariga Damashq bilan aloqalarni normallashtirishni qoʻllab-quvvatlamasligini ochiq aytdi.
Tashrif arafasida Raisiy Eronni qoʻllab-quvvatlovchi al-Mayadeyen telekanaliga bergan intervyusida bu safar Suriya va boshqa ittifoqchilar, jumladan, Suriyaga Asad nomidan aralashgan Livanning Hizbulloh qurolli guruhi bilan aloqalarni “mustahkamlashi va rivojlantirishi”ni aytdi.
Tehron Asad hukumatini kredit liniyalari bilan taʼminlab kelmoqda. Shuningdek, Eron Suriyadagi telekommunikatsiya va togʻ-kon sanoati va boshqa daromadli sohalarda foydali biznes shartnomalarini qoʻlga kiritgan. Bunga parallel ravishda Eron Suriyada harbiy jihatdan mustahkamlanib bormoqda.