Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa bir qator davlatlar Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlashmoqda. Ular oʻz harakatlarini muvofiqlashtirish niyatida.

Bu gal tashabbuschi mamlakatlar avvalgi sanksiyalar paketlaridagi “buzib oʻtish mumkin boʻlgan” boʻshliqlarni yopish va sanksiyalarni ehtimoliy chetlab oʻtishlarning oldini olishga eʼtibor qaratishmoqda.
Avvalroq AQSh barcha G7 davlatlaridan Rossiyaga eksportni butunlay taqiqlashni taklif qilgan, biroq Yaponiya va YeI bunga rozi boʻlmagan edi.
Kutilayotgan yangi sanksiyalarning oʻziga xos jihati shundaki, ular AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar tomonidan mustaqil ravishda kiritiladi, biroq boshqalar bilan muvofiqlashtiriladi, deb yozgan Bloomberg xabardor manbalariga tayanib.
Asosiy maqsad – yangi cheklovlar kiritish emas, balki shu paytgacha tatbiq etilgan sanksiyalarni chetlab oʻtishga barham berishdan iborat, deyishgan nashr manbalari. Ushbu yangi rejalar haqida shu oyda Yaponiyada boʻlib oʻtadigan “Katta sakkizlik” davlatlari rahbarlarining uchrashuvida maʼlum qilinadi. Sammitda yetakchilar Rossiyaga qarshi qaysi choralar samara bergani va yana qanday variantlar qolayotganini ham muhokama qilishadi. Shu paytgacha kiritilgan cheklovlar inobatga olinsa, sanksiyalar uchun yangi sohalarni topish oson boʻlmaydi.
Yangi sanksiyalar paketi Yevropa Ittifoqi uchun 11-paket hisoblanadi.
Muhokama qilinadigan choralar orasida – koʻplab tovarlarni Rossiya hududi orqali tranzit qilishni taqiqlash va navigatsion tizimlarini oʻchirib qoʻyadigan kemalarga nisbatan cheklov kiritish ham bor.
Shuningdek, taxminan 30 kishiga nisbatan personal sanksiyalar joriy etilishi ham mumkin.
Avvalroq, AQSh hukumatining yangi sanksiyalar paketidan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga qarashli USM holdingi hamda uning tarkibidagi "Metalloinvest", "Megafon" kompaniyalariga qarshi cheklovlar ham joy olgani maʼlum boʻlgandi.




