platina.uz
Jamiyat

Qogʻozda barham berilgan qiynoqlar amalda oʻsha-oʻshami?

Qiynoqlar masalasi kun tartibidan tushmayapti. Xususan, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi shovvozlarning, yumshoq qilib aytganda, oʻzboshimchalik bilan ish tutgani haqidagi xabarlar deyarli har oy koʻngilni xira qilmoqda.

Qogʻozda barham berilgan qiynoqlar amalda oʻsha-oʻshami?

Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlogʻida yashovchi Doniyor Toʻraxoʻjayevning bosqinchilikda gumonlangan 40 yoshdagi ukasi Dilshodjon joriy yilning 12-15 aprel kunlari Toshkent shahar IIBB Tergov boʻlimi xodimlari tomonidan qiynoqqa solingani, ogʻiz va qoʻllari skotch bilan bogʻlanib, shafqatsiz muomalaga duchor qilinganligi boʻyicha xabarlar tarqaldi.

Bundan tashqari, Toshturmada saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyevga nisbatan sodir etilgan qiynoq natijasida u salkam nogironga aylanib qolgani aytilgan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov mazkur voqeaga munosabat bildirib, Dilshodjon Toʻraxoʻjayev haqiqatan ham fuqaro kiyimidagi jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari, maxsus kiyimdagi tergovchilar tomonidan majburiy koʻrsatma olish maqsadida qiynoqqa solinganini maʼlum qildi. Hasanboy Abdunabiyev esa qoʻlga olish jarayonida qattiq qarshilik koʻrsatgani qistirib oʻtildi.

Dilshodjon Toʻraxoʻjayev va Hasanboy Abdunabiyevning aybi bor-yoʻqligi keyingi masala. Zero, qonunga koʻra, aybi sud bilan isbotlanmagunicha ular aybsiz hisoblanadi. Ularning aybini boʻyniga qoʻyish uchun hayvon ham uyaladigan noiinsoniy qiynoqlarga solish esa jinoyat hisoblanadi. Bu jinoyatni sodir etgan vallomtalar esa jinoyatchi hisoblandi. Bunday jinoyatchi nusxalarni ishlayotgan tizimning jinoyatchilikka qarshi kurashishidan qanday umid qilsa boʻladi?

Tan olish kerak, Oʻzbekiston huquq-tartibot organlari oʻrtasida ham ozmi-koʻpmi, oʻzaro tiyib turish omili mavjud. Yaʼni IIV tizimi faoliyatining qonunga muvofiqligini prokuratura va boshqa tuzilmalar nazorat qilib turadi. Hatto qoʻlga olingan gumonlanuvchini qonunda koʻrsatilganidan bir soat koʻproq ushlab qolishsa ham mazkur idoralardan “dakki” eshitishadi.

Biroq alam qiladigani shundaki, toki qiynoqqa solinganlarning qarindosh-urugʻlari dod-voy solmagunicha nazorat idoralari baliqdek jim oʻtirishadi. Yoki xabar topishmaydi, yoki eʼtibor berishmaydi, yoki “yopdi-yopdi” qilishadi. Qaysi bir varinat toʻgʻriligini shu idora vakillarining oʻzlari tanlashsin.

Dilshodjon Toʻraxoʻjayev va Hasanboy Abdunabiyev bilan bogʻliq holatda ham ularning qarindoshlari chor-atrofga jar solib, shikoyat qilishganidan keyingina ayrim huquq himoyachilarining borligini bilib qoldik. Goʻyo ming yil muzlatilgan mamont uygʻonganidek imillabgina harakat boshlashdi.

Nihoyat, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) mazkur voqeaga munosabat bildirdi. Ombusdmanning Axborot xizmati tarqatgan bayonotda aytilishicha, Ombudsmanga advokat U.M.ning himoyasi ostidagi Hasanboy Abdunabiyev qiynoqqa solingani haqida yuborgan murojaati tezkorlik bilan ijroga qaratilib, 1 may kuni ushbu murojaat Oʻzbekiston Respublikasi JPK talablari asosida koʻrib chiqish uchun Bosh prokuraturaga Ombudsmanning alohida nazorat xati orqali yuborilgan.

Shuningdek, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan xabarlarda qayd etilgan shaxslar bilan uchrashib, holi tarzda suhbatlashishlari uchun navbatdan tashqari monitoring tashrifini tashkil qilish ham rejalashtirildi.

Qayd etish lozimki, Ombudsmanga yuborilgan qiynoqqa oid murojaatlar, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlar darhol nazoratga olinadi va oʻrganiladi. Albatta oʻrganish natijalari boʻyicha, xususan yuqoridagi murojaat yuzasidan jamoatchilik xabardor qilinadi.

Xoʻp, bu masla yechim topar. Ehtimol qiynoqqa solgan vallomatlar jazoga tortilar. Ehtimol bor aybni Dilshodjon Toʻraxoʻjayev va Hasanboy Abdunabiyevga toʻnkashib, ularni tuhmatchiga chiqarishar, buni vaqt koʻrsatadi. Lekin bu bilan muammo hal boʻlib qolmaydi. Bitta, ikkita muammoni qoʻl bilan toʻgʻrilash rejimida hal qilish vaziyatni oʻzgartirmaydi. Prezidentimiz qayta-qayta aytayotganlaridek, muammoga tizimli yondashmoq kerak.

Ayniqsa davlat idoralari faoliyatining shaffofligini taʼminlash lozim. Lekin bizda aksincha, zoʻr berib IIV xodimlarini suratga va videoga olishni ham taqiqlashga, internetga tarqatishni cheklashga urinishmoqda. Agar bu imkoniyatlar cheklanmagan holatda qiynoqqa solish holatlari toʻxtamayotgan boʻlsa, cheklovlar oʻrnatilganidan keyin har kuni qiynoqdan oʻlgan odamlar haqida eshitib ajablanmay qoʻysak kerak.

Shu oʻrinda bir voqea yodga tushadi. Eski Oʻzbekistondagi eskidan eski bir amaldor chol Toshkentdagi xalqaro konferensiyaga kelgan AQShlik bir huquq faolini mot qilib qoʻymoqchi boʻlib, “inson huquqlari buzilishi faqat bizda emas, AQShda ham uchraydi” degandi. Shunda AQShlik mulozim “toʻgʻri bizda ham inson huquqlari buzilib turadi, lekin farqimiz shundaki, bizda huquqi buzilgan odam tezda huquqini tiklab ololadi”, degan ekan.

Lekin biz hozir yangi Oʻzbekistonda yashayapmiz. Shuning uchun qiynoqqa solingan yurtdoshlarimizning tezda huquqlari tiklanishiga qattiq ishonamiz.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid