Qirgʻiz chegarasida yertoʻla qazilgan uy davlat egaligiga oʻtkazilib, yoʻl koʻmib tashlanadigan boʻldi

Chegarada yertoʻla qazigan bir guruh shaxslar Jinoyat kodeksining 182 va 223-moddalari bilan aybdor deb topildi.

Jamiyat
3-may 2023 yil
Qirgʻiz chegarasida yertoʻla qazilgan uy davlat egaligiga oʻtkazilib, yoʻl koʻmib tashlanadigan boʻldi

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida ashyoviy dalil sifatida olingan 7 mlrd 603 mln 650 ming soʻmga baholangan 2707 dona mobil telefon apparatlari davlat egaligiga oʻtkaziladi.

Bundan tashqari, yerosti yoʻli joylashgan umumiy yer maydoni 1524 m2 boʻlgan uy davlat egaligiga oʻtkazilishi va yoʻl koʻmib tashlanishi belgilandi.

Esingizda boʻlsa, 2022 yilning 23 iyun kuni “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasidan oʻtuvchi yashirin yerosti yoʻli fosh etilgandi. Dastlab, mahalliy fuqaro mashinasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, unda tegishli hujjatlari boʻlmagan, umumiy bahosi 7 mlrd 603 mln 650 ming soʻmni tashkil qiluvchi 38 turdagi 2707 dona mobil telefon apparatlari borligi aniqlangan.

Soʻngra u vaqtincha yashab kelayotgan Rishton tumanidagi xonadonda Qirgʻizistonga olib oʻtuvchi 10 metr pastlikda, balandligi 2 metr, kengligi 1,2 metr, uzunligi 128 metr boʻlgan, tushib-chiqish uchun lift bilan jihozlangan yerosti yoʻli borligi aniqlangan edi.

Maʼlum boʻlishicha, Dangʻara tumanida yashovchi, 1991 y.t. ushbu shaxs “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegaraoldi hududida joylashgan hovli uylardan sotib olib, ularning koʻcha tomon qismlarini baland devorlar bilan toʻsgan va jinoiy harakatlarini yashirish qilish maqsadida har ikkala uyda: Qirgʻizistondagisida penablok ishlab chiqarish, Oʻzbekistondagisida esa chorvachilikni yoʻlga qoʻygan.

Soʻngra Dangʻara tumanida yashovchi 5 nafar fuqaroni yerosti yoʻli qazishga yollagan. Yerosti yoʻli qurib bitkazilganidan keyin, u orqali Qirgʻizistondan noqonuniy tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini, xususan, mobil telefonlar, matolar, tibbiyot buyumlari va dori vositalarini Oʻzbekistonga, Oʻzbekistondan esa koʻp miqdordagi xorijiy valyutani qoʻshni davlatga oʻtkazish bilan shugʻullangan.

Aniqlangan ushbu holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan. Fargʻona viloyati sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati hukmi bilan bir guruh shaxslar Jinoyat kodeksining 182 va 223-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularning 3 nafariga 6 yildan 7 yilgacha boʻlgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish, qolgan 3 nafariga esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+