Jizzaxda Green Cardda yutuq chiqishiga ishontirib, pullarni oʻzlashtirgan guruh ushlandi
Uch kishi 103 nafar jabrlanuvchini oʻzlari tayyorlagan soxta hujjatlar asosida AQShga borish uchun Green Card lotereyasida yutuq chiqqaniga ishontirgan.

Jizzax viloyatida 3 kishi odamlarni grin kartaga yutuq chiqarib berishga ishontirib, pulini olib, 2 tasi qochib ketgan, hozir qidiruvda, bittasi sud qilingan.
Viloyat prokuraturasiga koʻra, uchovlon 103 nafar jabrlanuvchini oʻzlari tayyorlagan soxta hujjatlar asosida Amerikaga borishi uchun Green card lotereyasidan yutuq chiqqaniga ishontirib, aldash yoʻli bilan ularning jami 2 mlrd. 597 mln. soʻm pulini qoʻlga kiritgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Arnasoy tumani sudining tegishli hukmiga koʻra, ulardan biri Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan aybli deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Biroq mahkum jazoni oʻtashiga monelik qiladigan ogʻir kasallikka chalingani sababli, unga nisbatan hukm bilan tayinlangan jazoning ijrosi 4 oyga kechiktirilgan.
Bundan tashqari, qolgan ikkovlon tergovdan yashiringan va ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, qidiruv eʼlon qilingan.