“Daraxtkush”larga qarshi jarima oshirilmoqda, hatto qamoqqa olish jazosi ham belgilanmoqda

“Daraxtlar kesilishiga moratoriy eʼlon qilinganiga qaramasdan, ayrim shaxslar tomonidan oʻsimlik dunyosi obʼektlariga ziyon yetkazish holatlari uchrab turibdi” demoqda Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Boriy Alixonov. Masalan, 2022 yilda daraxtlar kesilishi bilan bogʻliq 4599 ta huquqbuzarlik aniqlangan.

Jamiyat
3-may 2023 yil
“Daraxtkush”larga qarshi jarima oshirilmoqda, hatto qamoqqa olish jazosi ham belgilanmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirqinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonunga muvofiq, daraxt va butalarni, boshqa oʻsimliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yoʻq qilganlik yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtkazganlik uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda.

Muhokamalar chogʻida Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Boriy Alixonov axborot berdi.

Qoʻmita raisining ishontirishicha, ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish, ularni saqlab qolish borasida tizimli choralar koʻrildi. 

Xususan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktabrdagi farmoniga asosan oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy eʼlon qilingan. 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi farmoni bilan moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirildi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup koʻchat ekilmoqda. 2022 yil davomida 588 gektardan ziyod maydonda yashil bogʻlar, 662 gektardan ziyol maaydonda esa yashil jamoat parklari tashkil etilgan.

Biroq daraxtlar kesilishiga moratoriy eʼlon qilinganiga qaramasdan, ayrim shaxslar tomonidan oʻsimlik dunyosi obʼektlariga ziyon yetkazish holatlari uchrab turibdi.
Masalan, 2020 yilda 7812 tup, (shundan 3428 tupi qimmatbaho daraxtlar), 2021 yida 8243 tup,  (shundan 4182 tup qimmatbaho daraxtlar)ning noqonuniy kesilgani maʼlum boʻlgan.

2022 yilda daraxtlar kesilishi bilan bogʻliq 4599 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Aybdorlarga 7,3 millard soʻm miqdorida maʼmuriy jarima solindi. Moddiy  zarar 10 milliard soʻmga baholandi.
Bunday holat, tabiiyki, qonunchilikni takomillashtirish, yuridik shaxslarning javobgarligini oshirishni talab qiladi.  

“Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonunga koʻra, endilikda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yoʻq qilishga olib keladigan qurilish-loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun maʼmuriy javobgarlik ham kiritilmoqda.

Bundan tashqari, noqonuniy daraxt kesganlik yoki kundakov qilganlik uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 4 ta moddasida maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Mazkur moddalarda bir xil maʼmuriy huquqbuzarlik uchun turli miqdordagi jarimalar va nomutanosiblik mavjudligi inobatga olinib, oʻzgartishlar orqali bir turdagi maʼmuriy xuquqbuzarlikka nisbatan bitta moddada bir xil javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida ushbu huquqbuzarliklar takroran sodir etilsa, oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish choralari belgilanyapti. 

Senat majlisida taʼkidlanganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesilishi, kundakov qilinishi, shikastlantirilishi yoki yoʻq qilinishi bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning masʼuliyatini oshirish, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi va davlat ekologik nazoratining samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+