Bugun Toshkentda tush paytida koʻchaga chiqmaslik tavsiya etilyapti
Gidrometeorologlarimiz bugun Toshkentda quyoshning yuqori ultrabinafsha nurlanish boʻlishi haqida xabar berdi. Sogʻliqni saqlash vazirligi esa quyoshning xavfli ultrabinafsha nurlaridan qanday himoyalanish kerakligini maʼlum qildi.

Toshkentda tush payti quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi 12 ballik shkalada 10 ballik boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Gidrometeorolog mutaxassis Erkin ABDULAHATOVning qayd etishicha, bu quyoshning xavfli darajadagi nur sochishi hisoblanadi, ammo mavsumga xos emas.
– Bu kabi keskinlik quyoshda 30 aprel kuni kuchli chaqnashlar fonida roʻy berayotgan koʻrinadi. Va ultrabinafsha nurlarining atmosferaning ozon qatlamidan oʻtmishga nisbatan "toʻsiqlarsiz" kirib kelishi ortidan kuzatilayotgan boʻlishi ham mumkin, – deydi Erkin Abdulahatov.
Maʼlum boʻlishicha, nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashib, soat 14:00da 9, 15:00da 7 va 16:00da 5 darajaga tushadi.
Xoʻsh, yuqori ultrabinafsha nurlari nimasi bilan xavfli? Undan qanday himoyalanish kerak?
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi maʼlum qilishicha, bunday paytda quyosh nuri allergik reaksiyalar keltirib chiqarishidan ehtiyot boʻlish lozim.
Xususan, bu kabi noqulay ob-havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatit kasalligi yuzaga kelishi mumkin.
— Quyosh nurining oʻzi allergen hisoblanmaydi, — deydi markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan oʻzaro taʼsirga kirishganda, allergik reaksiya paydo boʻlishi mumkin.
Oqibatda koʻkrakning yuqori qismi, boʻyin, qoʻl sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dogʻ va turli toshmalar yuzaga keladi. Baʼzan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar kuzatiladi.
Qolaversa, koʻzning shilliq qavatiga ultrabinafsha nurlarining taʼsiri konʼyunktivit va keratit, yaʼni shohpardaning yalligʻlanishini ham keltirib chiqaradi.
— Bunday yalligʻlanish zararli nur taʼsiridan bir necha soat oʻtgach paydo boʻlib, ikkisi ham ogʻriqli kechadi, — dyeydi Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Shu bilan birga, ultrafinafsha nurlar kataraktaning rivojlanishiga ham sabab boʻladi.
Bundan tashqari, nurlanish indeksi yuqori boʻlgan vaqtda ochiq havoda uzoq vaqt yurish saraton kasalligiga moyillikni oshirib, immunitetni pasaytiradi.
Shu bois bunday kunlarda soat 11:00dan 16:00gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tugʻilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, koʻzoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyish tavsiya etiladi.