Ayrim davlat va nazorat organlari tadbirkorlar sirini saqlolmayotgani maʼlum boʻldi
Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi Erkin Gadoyevning qayd etishicha, tadbirkorlar mablagʻlarni noqonuniy olib qoʻyish, boshqa hisoblarga oʻtkazish va ortiqcha undirilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida qaytarmaslik holatlari uchrab turibdi.

Ayni daqiqalarda Oliy Majlis Senatining 40-yalpi majlisi boʻlib oʻtmoqda. Unda bir qator qonun loyihalari borasida muhokama va munozarlar oʻtkazilib, senatorlarning fikr va eʼtirozlari tinglanmoqda. Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisob varaqalaridagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun koʻrib chiqishmoqda.
Senat raisi Tanzila Norboyevaning aytishicha, mazkur qonun Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasida koʻrib chiqilgan.
Qoʻmita raisi Erkin Gadoyevning maʼlum qilishicha, tadbirkorlarni himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash, mulk va investitsiyalarning daxlsizligi davlat tomonidan kafolatlanishi boʻyicha Prezident qaror va farmonlari eʼlon qilingan. Nafaqat tadbirkorlik subʼektlari, balki bank omonatlari hamda bank hisob raqamlaridagi mablagʻlar va ularning harakati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni sir saqlash kerakligi ham belgilab qoʻyilgan.
Afsuski, ayrim hollarda davlat va nazorat organlari bunga rioya etishmayapti. Bu mablagʻlarni noqonuniy olib qoʻyish, boshqa hisoblarga oʻtkazish va ortiqcha undirilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida qaytarmaslik holatlari uchrab turibdi. Chunki bu harakatlar uchun javobgarlik choralari belgilanmagani sababli ularga jazo koʻrishning imkoni boʻlmayapti.
Yangi qonun mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida qabul qilinmoqda.
Mazkur qonun asosida tadbirkorlik subʼektlarining bank hisob varaqlaridan mablagʻlarni ularning roziligisiz, qonunga xilof ravishda oʻtkazganlik yoki olib qoʻyganlik, ortiqcha undirilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida qaytarmaslik uchun jazo choralari belgilanib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish koʻzda tutilmoqda.
Erkin Gadoyev ayrim raqamlarga yigʻilish ishtirokchilari eʼtiborini qaratdi. 2021-2022 yillar davomida Biznes Ombudsmanga tadbirkorlik subʼektlarining qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish boʻyicha 665 ta, ortiqcha toʻlovlarni qaytarish boʻyicha 116 ta, inkassa topshiriqnomasi noqonuniy qoʻyilganligidan norozi boʻlgan 69 ta, jami 840 ta murojaatlar qabul qilingan. Ularning 557 tasi hal qilib berilgan. Hal etilgan murojaatlarning 57 tasi boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritish orqali tadbirkorlar manfaatiga 3,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar undirib berilgan.