4 oyda qayta ochilayotgan departament! Endi umid bormi?
Oʻzbek tilimizni bir qarasang rus, bir qarasang ingliz tili “turtki”layverganidan, bechoraning “oyoq”lari chalishib qolgan edi. Vazifasi oʻzbek tilini rivojlantirish, qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash boʻlgan til departamentini ham ocha-yopa sarson-sargardon qilib yuborishdi.

Maʼmuriy oʻzgarishlar doirasida tugatilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati yana qayta tiklanmoqda. Departament bundan avvalgi 3 yillik mavjudligi davrida oʻzining aksar vazifalarini bajarmagan, tilga oid bir qancha muhokamali mavzularda ham mum tishlab oʻtiravergan edi.
Ushbu departament faoliyati tugatilganida, mukammalroq hamda samaraliroq tizim yaratiladi, deb oʻylagan edik, adashdik chogʻi. Yana oʻsha ochila-yopila boshi aylangan birlikni qayta tashkil etishyapti. Xoʻsh, aksariyat vazifalarini bajarmagan ushbu departament endi oʻzbek tili uchun jon kuydiradimi?
Davlat tilini rivojlantirish departamenti 2019 yil 22 oktabrda Prezident farmoni bilan tashkil qilingandi. Departament Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilib, tuzilmada xodimlarining umumiy cheklangan soni 9 ta shtat birligidan iborat boʻlishi belgilangandi.
Oʻshanda tashkilotga:
• davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish;
• davlat tilining amal qilishi bilan bogʻliq muammolarni aniqlash va takliflar berish;
• oʻzbek tilining yozma nutqi meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini toʻliq joriy etish borasidagi ishlarni jadallashtirish;
• ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning oʻzbekona muqobillarini yaratish va bir xilda qoʻllanishini taʼminlash va boshqa vazifalar yuklangan edi.
Shundan keyin tarixiy tashabbusning umri 3 yilga yetdi. Yaʼni tashkil qilinganiga 3 yil toʻlganda – 2022 yilning dekabr oyida hukumatdagi maʼmuriy oʻzgarishlar doirasida departament yopib yuborildi. Uning funksiyalari biror organga oʻtkazilmadi.
Til departamentining nega tugatilgani sababi hech qayerda aytilgani yoʻq. Tashkilot vazifasini bajarib, qiladigan ishi qolmadimi, yoki jamiyatga biror nafi tegmaganligidan yopildimi, bu haqda lom-lim deyilmadi.
Uch yillik faoiliyatni tahlil qiladigan boʻlsak, tashkilot oʻziga yuklatilgan vazifalarning aksariyatini bajarmadi, deyish mumkin.
Masalan, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilinmay, bir necha yillardan buyon choʻzib yurilganiga departament hech qanday munosabat bildirmagan. Oxirgi maʼlumotga koʻra, davlat tilining maqomini kuchaytirishga qaratilgan, Senat tomonidan maʼqullangan qonun Qonunchilik palatasiga qaytib kelgan, 2022 yilning avgust oyida Qonunchilik palatasi bu masalani koʻrib chiqishdan olib tashlash boʻyicha qaror qabul qilgan.
Departament tashkil qilinganda uning oldiga qoʻyilgan vazifalardan yana biri esa lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini toʻliq joriy etish ishlarini tezlashtirish kiritilgandi. Bu esa alifbo islohoti bilan bogʻliq edi. “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama boʻldi-yu, sas-sadosiz yoʻq boʻlib ketdi.
Ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni isteʼmolga kiritish, zamonaviy atamalarning oʻzbekona muqobillarini yaratish vazifasi ham qoyillatib bajarilmadi. Haligacha qaysi chetdan kirib kelgan soʻzdan rasman foydalanishni boshlashimiz mumkinligi boʻyicha roʻyxat yoʻq. Biror olinma soʻzning oʻzbekcha muqobili yaratilgani, isteʼmolga kirganini ham koʻrmadik.
Bundan tashqari, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning reklamalarda davlat tili ustunligiga urgʻu berish toʻgʻrisidagi bandi muhokamalarga sabab boʻlganda ham vazifasi davlat tili ustida ishlash boʻlgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti biror sado bermagandi.
Bu qonun 2022 yilning 8 sentabridan beri kuchga kirgan boʻlsa-da, birorta rus va inglizcha soʻzlar qalashib yotgan reklama peshtaxtalarining olinganini koʻrmadik. Bu haqida bir necha marotaba maqolalar eʼlon qilingan boʻlsa-da. Jarayon ustidan nazorat ham aynan shu yopilgan tashkilotning vazifasi edi.
Koʻrib turganingizdek, uch yillik faoliyati davomida tashkilotning birorta oʻzbek tili uchun qilgan ishini koʻrmadik. 21 oktabr kuni tadbirlar oʻtkazib, ogʻiz koʻpirtirib ona tilim, deyish bundan mustasno, albatta.
2023 yil 20 apreldagi farmon asosida, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilyapti. Departamentga 5 ta shtat ajratilgan.
Xoʻsh, qayta ochilgan tashkilot eskisidan qanday farq qiladi? Tarkib yangilanib, tizimga haqiqiy til fidoyilari olib kelinadimi? Departament qayta ochilayotgan ekan, alifbo islohoti oxiriga yetkaziladimi? “Davlat tili haqida”gi qonunga zarur oʻzgartirishlar kiritish masalasi koʻrib chiqiladimi? Yoki tuzilma avvalgidek chalajon holda qolaveradimi?
Shahruza Saʼdullo qizi