Yuki ogʻir fuqarolik
Kerakli toshning ogʻiri yoʻq, deyishadi. Ammo shunday toshlar borki, nafaqat ogʻirlik qilib, qaddingizni bukib qoʻyadi, balki oyogʻingizdan tortib, choʻktirib ham yuboradi.

Ayni kunlarda ishgʻol etilgan Ukraina hududlarining aholisi yelkasiga ana shunday ogʻir tosh majburan ortib qoʻyilmoqda – ular Rossiya pasportini olishga majburlanmoqda.
Biroq, Ukraina Ombudsmani Rossiya ishgʻol qilgan hududlarda qolgan ukrainlarga hayotlarini saqlab qolish uchun Rossiya pasportini olishni maslahat berdi.
Gap shundaki, oʻtgan hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning Rossiya bosib olgan mintaqalarida yashovchi xorijliklar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomini tartibga soluvchi farmonni imzolagan edi.
Ushbu farmonda Lugansk, Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya fuqaroligini qabul qilmagan aholisi xorijlik deb eʼlon qilinishi belgilangan. Agar bu hududdagi Ukraina fuqarolarining xatti-harakatlari, Rossiya rasmiylarining fikricha, «milliy xavfsizlikka tahdid solsa”, Rossiya konstitutsion tuzumining asoslarini zoʻravonlik bilan oʻzgartirish, terroristik yoki ekstremistik faoliyatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlsa, ular yashash hududlaridan deportatsiya qilinishi mumkin.
Rossiya Konstitutsiyasidagi oʻzgartirishlar
Oʻtgan yilning 30 sentabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda “DXR” va “LXR” “rahbarlari”, shuningdek, Rossiya tomonidan tayinlangan Zaporoje va Xerson viloyatlari rahbarlari Denis Pushilin, Leonid Pasechnik, Yevgeniy Balitskiy va Vladimir Saldo bu hududlarning Rossiya Federatsiyasiga qoʻshilishiga oid shartnoma imzolagan edi. Keyinchalik bu hududlar endilikda Rossiya Federatsiyasining subʼektlari deb hisoblanishi haqida mamlakat Konstitutsiyasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.
Ana shu hudud aholisiga pasport berishni koʻzda tutuvchi mazkur farmon ishgʻol etilgan Ukraina hududlari ustidan Rossiya hukmronligini legitimlashtirishga urinish boʻyicha navbatdagi qadam hisoblanadi.
Ukraina Oliy Radasining Inson huquqlari boʻyicha vakolatli mulozimi Dmitriy Lubinetsning milliy telemarafon efirida bergan bayonotiga koʻra, Rossiya tomonidan vaqtincha ishgʻol etilgan hududlardagi ukrain fuqarolari oʻz hayotlarini saqlab qolish uchun Rossiya pasportini olishlari yoki har qanday usul bilan bu hududlarni tark etishlari lozim. Mazkur fuqarolar bu hududlar ozod etilganidan keyin rus pasportlaridan voz kechib, normal hayotga qaytishlari mumkin boʻladi.
Majburiy pasportizatsiyani qonuniylashtirishga qaratilgan Farmon
Ombudsmanning soʻzlariga koʻra, Putinning bu farmoni Rossiya pasportini olmagan ukrainlarni deportatsiya qilishga qaratilmagan.
"Bu farmon Ukrainaning vaqtincha ishgʻol etilgan hududlarida majburiy pasportizatsiyani qonuniylashtirishga qaratilgan... Mening fikrimcha, Rossiya pasportini olishdan bosh tortgan Ukraina fuqarolarini qamoqqa tashlashlari mumkin. Bu esa Rossiya qoʻlida garovda qolayotgan ukrainaliklar koʻpayishiga olib keladi, xolos", - deya izoh berdi Lubinets.
Uning bildirishicha, Kiyev bosib olingan hududlardagi ukrainaliklarga majburlab va qoʻrqitib berilayotgan Rossiya pasportlarini tan olmaslik siyosatida davom etadi. “Majburiy pasport berish – rossiyalik bosqinchilarning yana bir harbiy jinoyatlaridan biri hisoblanadi”, deya qoʻshimcha qilgan Ukraina ombudsmani.
Ayni paytda Rossiya ishgʻol qilgan hududlarda majburiy pasport berish Qrim ssenariysi boʻyicha ketmoqda. Qrim bosib olinganidan keyin ham u yerdagi aholiga yoki Rossiya pasportini olish, yoki Qrimni tark etish talabi qoʻyilgan edi. Shu tariqa ruslar nafaqat hududni egallash, balki undagi aholini ham majburlab Rossiya fuqarosiga aylantirish orqali tezroq siyosiy nazoratga erishish, shu orqali jinoiy harakatlarini qonunlashtirishni maqsad qilmoqda. Xususan, Melitopol shahri meri Ivan Fedorovning aytishicha, Rossiya hukumati joriy yilning kuzigacha ishgʻol etilgan hududlar aholisining 80 foiziga pasport berishni reja qilgan. Buning uchun Xerson viloyatida pasport olmagan ukrainaliklarga pensiya berishni toʻxtatib qoʻyish bilan tahdid qilinmoqda. Tokmakdagi blokpostlar esa Rossiya pasportiga ega boʻlmagan mahalliy aholini oʻz uylariga oʻtkazmay qoʻygan.
Rossiya yana bir harbiy jinoyatga qoʻl urmoqda
Darhaqiqat, bu bilan Rossiya tomoni yana bir harbiy jinoyatga qoʻl urmoqda. Rossiya harbiylarining Ukrainadagi fuqarolik obʼektlari va tinch aholi turar joylariga zarba berayotgani yetmagandek, bosib olingan hududlardagi ukrain bolalarini Rossiyaga majburan olib oʻtib, rus oilalari va yetimxonalarga joylashtirayotgani Haaga Xalqaro sudi tomonidan isbotlanib, bu jinoyatning asosiy aybdorlari deb topilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya Bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani qamoqqa olish uchun order ham berilgan edi.
1949 yil 12 avgustda Jenevada qabul qilingan, “Urush davrida tinch aholini himoya qilish haqida” gi toʻrtinchi konvensiyaning 49-moddasiga koʻra, okkupatsiya qilayotgan davlat ishgʻol etilgan hududlardagi maʼlum bir hudud aholisini ularning xavfsizligini taʼminlash yoki jiddiy harbiy sabablarga koʻra deportatsiya qilishi mumkin. Biroq bu holda ularni faqat ishgʻol etilgan hudud ichkarisiga koʻchirish mumkin. Bunday tartibda koʻchirilgan aholi ushbu hududlarda jangovor harakatlar yakunlangani zahoti oʻz uylariga qaytarilishi lozim.
Qolaversa, bunday majburiy koʻchirishlar jarayonida bir oila aʼzolarini bir-biridan ajratish taqiqlanadi. Ukrainalik bolalarni majburan Rossiyaga koʻchirish esa ana shu xalqaro qonunga koʻra urush jinoyati hisoblanadi.
Urushning ham oʻz qonun-qoidasi bor
Shu bilan birga, okkupant davlat oʻz fuqarolarining bir qismini ishgʻol etilgan hududlarga deportatsiya qilishi yoki koʻchirib keltirishi ham taqiqlanadi.
Boshqacha qilib aytganda, hatto tartibsizlik va qonunsizlik namoyishi sifatida koʻriladigan urushning ham oʻz qonun-qoidalari bor. Hatto urushda ham maʼlum kelishuv va tartibga amal qilish talab etiladi. Rossiya esa agressor sifatida Ukrainada biror ishonchli va barqaror “muvaffaqiyatga” erishmagani yetmaganidek, hatto urush qoidalariga amal qilishni ham eplolmayapti. Agressor xalqaro qonun va kelishuvlarni oyoqosti qilmoqda, urushga oid Jeneva konvensiyalariga zid keladigan urush jinoyatlarini sodir etmoqda.
Ishgʻol etilgan Ukraina hududlardagi majburiy pasportizatsiya jarayonini Ukraina prezidenti Ofisi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak “butun madaniy dunyo uchun mantiqsizlik”, deya baholagan.
“Rossiya oʻz fuqaroligidan nafratlanadi va oʻz aholisining qolgan hurmatini ham yoʻq qilmoqda”, degan Podolyak FREEDOM telekanali efirida. “Bu juda gʻalati holat. ... Birovning hududiga bostirib kirsang va u yerda bir dunyo odamni oʻldirsang va talasangda, keyin biror sababga koʻra ishgʻol etilgan hududda qolgan aholiga zarracha qadri yoʻq pasportingni majburan tarqatsang! Oʻz fuqaroligi va pasportidan jirkanish ham shunchalik boʻladimi?” degan Mixail Podolyak.
Rossiya pasportiga ega boʻlish imkoniyatlar eshigini ochmaydi
Ukrainaning ishgʻol etilgan hududlaridagi aholisining Rossiya pasportini olgisi kelmayotganini ham tushunsa boʻladi. Zero, urush avvalida, Lugansk va Donetsk bosib olinganidan keyin, ulardagi ukrainlar ham xuddi shunday majburiy pasportizatsiya “tegirmoni”dan oʻtkazilgan edi. Har bir yuridik harakat yuridik oqibatlarni keltirib chiqarishi bois, Rossiya pasportini olgan ukrainaliklar Rossiya fuqarosi sifatida ommaviy mobilizatsiya roʻyxatlariga kiritildi. Natijada ular oʻz qarindoshlari yoxud vatandoshlariga qarshi qoʻllarida qurol bilan jang qilishga majbur boʻlishdi. Hatto Rossiyaning tub aholisi urushdan va Rossiyadan vabodan qochgandek qochib, bir paytlari sayohatga borishni ham istamagan davlatlaridan boshpana qidirayotgan bir paytda, begona gʻoyalar, eng achinarlisi, insoniy qadriyatlarga zid gʻoyalar yoʻlida jon berish hech kimga yoqmasligi tabiiy.
Shu bilan birga, Rossiya pasportiga ega boʻlish imkoniyatlar eshigini ochmaydi, balki barcha imkoniyatlarga nuqta qoʻyadi. Shuning uchun boʻlsa kerak, rossiyalik koʻplab tadbirkorlar, taniqli sport va madaniyat vakillari shosha-pisha Rossiya pasportidan voz kechib, boshqa davlatlarning pasportini olmoqda. Hatto Rossiya elitasining “biqini”ga tiqilib, uni tarannum etib, farovon hayot kechirib kelgan mashhur sanʼatkorlar ham boshqa davlat pasportiga “ishqiboz” boʻlib qolishgan. Chunki sanksiyalar oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Endilikda yetakchi va rivojlangan davlatlar Rossiya pasporti egalariga xavotir bilan qarashadi. Hatto Rossiya fuqarolari uchun bu davlatlarga sayyohlik vizasini olish yoki bu davlatlarda doimiy qonuniy yashash ham dushvor boʻlib qoldi. Yevropadagi aksariyat korxonalar sanksiyalarga nishon boʻlmaslik uchun Rossiya fuqarolarini ishga olishdan bosh tortmoqda. Rossiya pasportiga ega sportchilarning xalqaro musobaqalarda qatnashishi yoxud sanʼat namoyandalarining tomosha koʻrsatishlari ham cheklanmoqda.
Yana bir achchiq haqiqat
Shunday boʻlsa-da, Rossiyada Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlarining Rossiya fuqaroligini olishga intilishlari soʻngani yoʻq. Lekin Rossiyadagi huquq faollarining maʼlum qilishicha, Rossiya fuqaroligi eng “moʻrt” fuqarolik boʻlib qoldi. Fuqarolik haqidagi qonunlarga oxirgi yillarda zamona zayliga koʻra kiritilgan son-sanoqsiz oʻzgartirishlar natijasida shunday vaziyat vujudga keldiki, bu fuqarolik istalgan paytda va ortiqcha byurokratik tashvishlarsiz osongina olib qoʻyilishi mumkin. Boisi, bu qonunga koʻra, Rossiya fuqaroligini olgan shaxs oʻzi haqida ataylab notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etgan boʻlsa, uning fuqaroligi bekor qilinishi mumkin. Notoʻgʻri maʼlumot qidirilganda esa bitta harf ham kifoya qiladi. Aytaylik, siz Chinoz shahrida tugʻilgansiz. Fuqarolik olish uchun toʻldirilgan ariza-anketada “Chinoz” deb yozgan boʻlsangiz, “rus tilida Chinaz deb yozish qabul qilingan”, deya bahona topishadi. Agar “Chinaz” deb yozgan boʻlsangiz, “Oʻzbekistonning davlat toponomikasida “Chinoz” deb yozilgan”, deya bahona topishadi. Bunday vaziyatlar amalda uchragan va uchrayapti ham.
Hattoki oʻzi va yetti ajdodi Rossiyada tugʻilgan odamning fuqaroligi ham bekor qilinishi mumkin. Chunki qonunchilikda “terrorizm”, “ekstremizm” va boshqa salbiy “izm”larga aralashgan yoki aralashganlikda gumon qilingan shaxslar ham fuqarolikdan mahrum etilishi belgilab qoʻyilgan. Bu normadan ham vaqti kelganda foydalanishning yoʻli topilishi shubhasiz.
Xullas, Rossiya pasporti hozirgi paytda mamlakat elitasining oʻz maqsadlarini zoʻravonlik bilan amalga oshirish quroliga aylandi. Lekin shunday boʻlsa-da, Ukraina ombudsmanining ishgʻol etilgan hududlar aholisiga Rossiya pasportini olish zarurligi borasidagi tavsiyasini oqilona, deb baholasak boʻladi. Chunki urush sharoitida avvalo jonni saqlab qolish kerak. Jon omon boʻlsa, pasport topiladi...
Abulfayz SAYIDASQAROV