3 yil toʻlgan Sardoba fojiasi va dunyodagi eng yirik suv ofatlari haqida
Bundan roppa-rosa 3 yil avval Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori dambasi oʻpirilib, suv tosha boshlagan. Minglab aholi evakuatsiya qilingan, vaziyatni nazoratga olish uchun davlat va hukumat rahbari voqea joyiga yetib borgan. Vaziyatni Prezident shaxsan nazoratga olgan.

Sardoba suv omborida yuz bergan toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun suv oqimlari Oqoltin tumani hududidan oʻtuvchi Abay kanaliga tushirilib, Jizzax viloyatidagi Arnasoy koʻliga yoʻnaltirilgan.
Sardoba suv omboridagi toʻgʻon oʻpirilishi natijasida yuz bergan suv toshqini oqibatida qoʻshni Qozogʻistonning Turkiston viloyatida joylashgan bir necha ovul ham jabrlangan, 32 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan.
2020 yil 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilish oʻtkazib, barcha gidroinshootlar, toʻgʻonlar va GESlarni tekshirishni topshirgan.
Prezident farmoyishi bilan Sirdaryo viloyati byudjetiga 100 milliard soʻm miqdorida pul ajratilgan. Shuningdek, uy-joylariga jiddiy ziyon yetkazilgan aholi uchun 2020-2021 yillarda koʻp qavatli uy-joylar qurilgan.
Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov oʻsha paytda Sardoba suv toshqinidan jabr koʻrganlarga 15,2 million dollar miqdorida yordam ajratgan. Bu pullarning 10 mln. dollari Sirdaryoga, 5,2 mln. dollari Qozogʻiston ahliga berilgan.
Sardoba toshqini yuzaga kelgani holati yuzasidan dastlab Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. 23 mayga kelib, Sardoba suv ombori bilan bogʻliq jinoyat ishi yuzasidan 2 kishi gumonlanuvchi tariqasida qamoqqa olingan. 29 mayda "Sardoba ishi"ga daxldor sifatida yana 9 kishi qamoqqa olingan. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 5 ta (167, 205, 207, 209, 258) moddasi bilan jinoiy ish ochilgan.
2021 yil 10 may kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha yopiq sudida Sardoba fojiasi aybdorlariga nisbatan ham sud hukmi eʼlon qilingan. Unga koʻra, “Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj” UK bosh direktorining oʻrinbosari – Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi boshligʻi lavozimida ishlagan M.Xolmatov uzil-kesil 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Bundan tashqari, yana 3 kishiga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Qolgan 13 kishiga jarima jazosi berilgan. Jazoga tortilganlar hammasi MChJ va DUK rahbarlari hamda oʻrinbosarlaridir.
Eslatib oʻtamiz, Sardoba suv ombori qurilishining bosh pudratchisi "Oʻzbekiston temir yoʻllari" huzuridagi "Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj" korxonasi hisoblanadi. Inshoot qurilishiga 404 mln. dollar mablagʻ ajratilgan.
- Endi dunyo boʻyicha yirik suv ombori fojialariga toʻxtalamiz.
1928 yil 12 mart. Kaliforniyada 59 metr balandlikdagi Sent-Frensis toʻgʻoni qulab tushgan.
Balandligi 40 metrgacha boʻlgan toʻgʻondan suv oqqan va oqimdan 25 kilometr pastda joylashgan elektr stansiyasi buzilgan. Vodiy 80 kilometrlik suv ostida qolgan. Falokat zonasida 600 ga yaqin odam halok boʻlgan.
Ushbu avariyaga qurilayotgan beton toʻgʻonda birinchi yoriqlar paydo boʻlganda muhandislik hushyorligining yetarli emasligi sabab boʻlgan. Ammo, sud tan olganidek, davlat tashkilotlarining obʼektni loyihalash va qurish ustidan nazorati ham sust edi.
1941 yil 18 avgust. Fashist bosqinchilari bilan qattiq janglar paytida Ukrainadagi DneproGES yoʻq qilingan.
Dushman hujumlarini qaytarish uchun sovet rahbariyati Dnepr GES va Zaporoje shahridagi toʻgʻonni portlatgan. Portlashdan soʻng katta toshqin boshlangan. Natijada Dneprning quyi oqimida keng sel zonasi paydo boʻlgan. Yirik toʻlqin dushmanning bir nechta oʻtish joylarini yuvib ketgan, suv toshqinlarida koʻplab fashistik boʻlinmalar choʻkkan. Ammo toshqindan hoʻlu quruq baravar choʻkkan. Deyarli oʻttiz metrlik suv sathi Dnepr tekisligidan oʻtib, yoʻlidagi hamma narsani bosgan. Turli tovarlar, harbiy materiallar, oʻn minglab tonna oziq-ovqat va boshqa mulklar bor boʻlgan Zaporoje bir soat ichida vayron qilingan.Qurbonlar soni va moddiy zarar halokatli edi.
1959 yil 2 dekabr. Reyran daryosida Fransiya janubidagi Frejus shahridan qariyb 7 kilometr shimolda qurilgan 222 metrli beton toʻgʻoni oʻpirilgan.
Sabablari: geologik tadqiqot toʻliq amalga oshirilmagan, quruvchilar mablagʻ yetishmasligi tufayli sifatsiz beton ishlatilgan, toʻgʻon yaqinida harbiylar portlashlar amalga oshirgan, portlovchi moddalar yordamida yaqin atrofda avtomobil yoʻli qurilayotgan edi, shuningdek, kuchli yomgʻir ham suv omborini bosib ketgan...
Fréjus shahri deyarli toʻliq suv ostida qolgan. Suv toshqini natijasida, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 423 kishi halok boʻlgan, yetkazilgan zararning umumiy miqdori pul koʻrinishida qariyb 68 million AQSh dollarini tashkil etgan.
1963 yil 9 oktabr. Vayontdagi ofat — Italiya Alp togʻlaridagi dunyodagi eng baland toʻgʻonlardan biri (262 metr).
Kuchli yomgʻir natijasida katta tosh suv omboriga tushib ketgan. Balandligi 200 metrga koʻtarilgan toʻlqin toʻgʻon tepasiga urilgan.
Suv toʻgʻon yuqori qatlamining atigi 1 metrini yuvgan, ammo bu hatto Piave daryosi vodiysida suv toshqini tufayli 5 ta qishloqning vayron boʻlishi uchun yetarli edi, turli maʼlumotlarga koʻra, 1900 dan 2500 gacha odam halok boʻlgan.
Toʻgʻonning oʻzi saqlanib qolgan, ammo oʻshandan beri suv ombori toʻldirilmagan.
1975 yil 7 avgust. Xitoydagi Baynsyao GESining buzilishi. Toʻgʻonning balandligi 118 metr, suv omborining hajmi 375 million kub metrni tashkil qilgan.
Yillik yogʻingarchilikning bir kunda yogʻishi va suv omborining toshib ketishi natijasida toʻgʻon buzilib, balandligi 3-7 metr, kengligi 10 kilometr boʻlgan toʻlqin paydo boʻlgan.
7 ta tuman markazi va son-sanoqsiz qishloqlar suv ostida qolgan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, suv toshqini oqibatida jami 26 ming kishi halok boʻlgan, yana 145 ming kishi ocharchilik va epidemiyalar tufayli keyinroq vafot etgan. 5960 ming uy vayron boʻlgan, 11 million kishi zarar koʻrgan.
1993 yil iyun. Rossiyaning Sverdlovsk viloyati Serov shahridan 17 kilometr uzoqlikdagi Kakva daryosidagi Kiselyovskoye suv omborida uzunligi 2 kilometr va balandligi 17 metr boʻlgan toʻgʻonning yorilgan.
Suv toshqinidan 6,5 ming kishi jabr koʻrgan, 12 kishi halok boʻlgan. 1772 ta uy suv ostida qolgan, shundan 1250 tasi yashash uchun yaroqsiz holga kelgan. Temir yoʻl va 5 ta avtomobil koʻprigi vayron boʻlgan, magistral temir yoʻlning 500 metr qismi yuvilib ketgan.
2009 yil avgust. Rossiyada Krasnoyarsk oʻlkasi va Xakasiya oʻrtasidagi Sayano-Shushenskaya GESida sodir boʻlgan avariya sanoat texnogen ofat hisoblanadi.
Hodisa oqibatida 75 kishi halok boʻlgan, stansiya jihozlari va binolariga jiddiy zarar yetkazilgan. Elektr energiyasi ishlab chiqaradigan stansiya ishi toʻxtatilgan. Avariya ekologik vaziyatga, mintaqaning ijtimoiy va iqtisodiy sohalariga taʼsir koʻrsatgan. Zarar miqdori 40 milliard rubldan ortiqni tashkil etgan.
2010 yil iyun. Xitoy sharqidagi Szyansi provinsiyasidagi Fuxe daryosida kuchli yomgʻir tufayli toʻgʻon buzilgan.
Damba zonasidan 100 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Janubiy va Sharqiy Xitoyning oʻnta hududiy birligida sel va koʻchkilarga sabab boʻlgan kuchli yomgʻirlar tufayli jami 199 kishi halok boʻlgan, 123 kishi bedarak yoʻqolgan. Xavfli hududlardan 2,4 millionga yaqin odam evakuatsiya qilingan. 29 million odam ofatdan jabr koʻrgan. Yomon ob-havodan koʻrilgan iqtisodiy zarar qariyb 42 milliard yuanni (6,2 milliard AQSh dollari) tashkil etgan.
2010 yil 5 avgust. Pokiston janubidagi Hind daryosida toʻgʻon buzilishi.
895 mingtagacha uy vayron boʻlgan, 2 million gektardan ortiq qishloq xoʻjaligi yerlari suv ostida qolgan. 1700 dan ortiq odam halok boʻlgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, suv toshqini mamlakatdagi 20 millionga yaqin odamga zarar yetkazgan.
2011 yil 1 sentabr. Xitoy sharqidagi Chjetsyan provinsiyasi Xanchjou shahri yaqinidagi Syantan daryosida toʻgʻon yorilib ketgan. Bu toʻlqin toʻgʻonni buzib, koʻpchilikni oqizib ketgan.