platina.uz
Jahon

Shimoliy Koreyadan yana bir syurpriz: orbitaga josus sunʼiy yoʻldoshlari chiqarilishi mumkin

Koreya Xalq Demokratik Respublikasining davlatga qarashli KCNA axborot agentligi maʼlum qilishicha, “dohiy” Kim Chen In qoʻl ostidagi rasmiylariga mamlakatda birinchi harbiy razvedka sunʼiy yoʻldoshini uchirishga tayyorlanishni buyurgan. 

Shimoliy Koreyadan yana bir syurpriz: orbitaga josus sunʼiy yoʻldoshlari chiqarilishi mumkin

Davlat xalqqa emas, xalq davlatga xizmat qiladi, “yagona va betakror”, deyarli iloh darajasiga chiqarib qoʻyilgan va barchaning soʻzsiz itoat qilishi talab qilinadigan “dohiy” xayoliga kelgan ishni qiladi. Oʻzining axmoqona maqsadlari yoʻlida xalq mulki va quvvatini oʻylab oʻtirmasdan sarflaydi. Chunki u hech kimga hisob bermaydi. Hech kimdan qoʻrqmaydi. Gohida davlat pulini isrof qilib, atom bomba yasamoqchi boʻladi. Gohida esa hali bor-yoʻqligi gumon boʻlgan shu bombasi bilan, kimsan, AQShga tahdid soladi.

Hatto soch turmagi ham davlat belgilab bergan 10-15 ta uslub bilan cheklanadigan Shimoliy Koreya rahbarining kallasiga bu gal avvalgilaridan ham “olamshumul” va bemaʼni bir fikr kelib qoldi.

Koreya Xalq Demokratik Respublikasining davlatga qarashli KCNA axborot agentligi maʼlum qilishicha, “dohiy” Kim Chen In qoʻl ostidagi rasmiylariga mamlakatda birinchi harbiy razvedka sunʼiy yoʻldoshini uchirishga tayyorlanishni buyurgan.

Oʻtgan hafta KXDR Aerokosmik taraqqiyot milliy boshqarmasiga borgan Kim Chen Inning bayonot berishicha, mamlakatda harbiy razvedka sunʼiy yoʻldoshlarini ishlab chiqarish nihoyasiga yetgan va u bir necha shunday josus sunʼiy yoʻldoshni fazoga uchirish haqida buyruq bergan. Aytgancha, “dohiy” boshqarmaga qizi Dju E. bilan birga kelgan. Bu yil qizaloq koʻplab davlat tadbirlarida otasiga hamrohlik qilmoqda. Diktatura rejimlariga xos boʻlgan qonuniylikdan kelib chiqadigan boʻlsak, Kim Chin Ir oʻzidan keyin qizini mutlaq rahbar sifatida qoldirishni maqsad qilgan boʻlishi ham mumkin. Tovuq joʻjasini oʻzi bilan olib yurib, unga don topish uchun yer titishni oʻrgatganidek, “dohiy” ham qizini taxtga shu tarzda tayyorlayotgan boʻlsa ajab emas...

Tahlilchilarning aytishicha, oʻtgan yili dekabrda Shimoliy Koreya josus-yoʻldoshlarni ishlab chiqish jarayonining “muhim yakuniy sinovlari bosqichiga” oʻtganini maʼlum qilgandi. Biroq mazkur balandparvoz bayonotlarga qaramasdan, Shimoliy Koreya Fazo markazining sunʼiy yoʻldoshdan olingan suratlari josus-yoʻldosh uchirilishidan darak beruvchi belgilar yoʻqligini koʻrsatmoqda, deydi AQShning Jeyms Martin nomidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik boʻyicha tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi Deyv Shmerler. «Biroq Shimoliy Koreya josus-yoʻldoshni yoʻlda harakatlanuvchi mobil transport vositasidan uchirishi ham mumkin”, deydi u. Chunki oʻtgan hafta Shimoliy Koreyada uchirilgan raketalar, jumladan qitʼalararo ballistik raketa sinovlari ham mobil transport qurilmalaridan amalga oshirilgandi.

Kim Chin Ir josus-yoʻldoshlarning milliy xavfsizlik va hududiy barqarorlikni taʼminlashdagi rolini alohida taʼkidladi. Uning iddao qilishicha, AQSh va Janubiy Koreya tomonidan harbiy tahdid va chaqiriqlarning kuchayishi Shimoliy Koreyani shunday qadamlarga majbur qilmoqda. Uning qoʻshimcha qilishicha, josus-yoʻldoshlar mamlakatning “milliy suverenitet va oʻzini himoya qilish” huquqining bir koʻrinishidir. Koreya yarim orolidagi taranglik sharoitida bunday qadamlar zaruriyatga aylanmoqda, deya xabar qilgan KCNA axborot agentligi.

Albatta Shimoliy Koreyaning bunday qaltis harakatlari uning atrofidagi davlatlarda ham chuqur xavotir uygʻotadi. Xususan, Yaponiya hukumati ham oʻz tashvishini izhor qildi. Shimoliy Koreya sinov uchun uchiradigan ballistik raketalar koʻpincha Yaponiya ustidan uchib oʻtadi. Hisob-kitoblarda ozgina adashilsa, ular Yaponiya ustiga qulab tushishi ham hech gap emas. Shu bois Yaponiya zaruriyat tugʻilsa, Shimoliy Koreya josus sunʼiy yoʻldoshlarini urib tushirishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmadi.

Shanba kuni Yaponiya mudofaa vaziri Yasukadzu Xamada yapon harbiylariga “zarur tayyorgarliklar koʻrish” haqida buyruq berdi. U yana “ballistik raketalarni urib tushirish haqida” buyruq berishi mumkinligini ham taʼkidladi.

Bu voqealar fonida esa Yaponiya oʻzini himoya qilish kuchlari Yaponiya hududiga raketa parchalari tushishi mumkin boʻlgan ssenariylarga tayyor turish maqsadida jangovar tayyorgarlik holatiga keltirildi.

Yaponiya Mudofaa vazirining aytishicha, Yaponiya harbiylari yerda oʻrnatiladigan, raketalarni tutib qoluvchi Patriot Advanced Capability-3 tizimlarini joylashtirgan hamda dengizdan turib raketalarni urib tushiruvchi Standard Missile-3 bilan jihozlangan Aegis tizimiga ega kemalarni jangovar navbatchilikka chiqargan.

Taʼkidlash kerak, Yaponiyaning Shimoliy Koreya josus sunʼiy yoʻldoshlarini urib tushirish uchun harbiy-texnik imkoniyati yetarli. Bundan 10 yilcha oldin Xitoy harbiylari Yer orbitasida xizmatini oʻtab boʻlgan oʻz sunʼiy yoʻldoshini yerdan turib urib tushirgandi. Oradan oʻtgan yillar davomida harbiy qurol aslahalar hamda texnologiyalar yanada takomillashdi va arzonlashdi. Shu boisdan, iqtisodiy va harbiy qudrati boʻyicha mintaqada yetakchilardan biri boʻlgani Yaponiya oʻz vaʼdalarini bajarishiga shubha qilmasa ham boʻladi.

Abulfayz SAYIDASQAROV.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid