Senat Kengashi navbatdagi yalpi majlisni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi
Senatning qirqinchi yalpi majlisi 2023 yilning 3 may kuni chaqiriladi.

Joriy yilning 1 may kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda Senatning qirqinchi yalpi majlisini 2023 yilning 3 may kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda oʻtkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, yalpi majlisda “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish toʻgʻrisidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va ayerodromlardan foydalanish sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (Dushanbe, 2021 yil 10 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlar ham muhokama qilinadi.