Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga boradi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan joriy yil 2-3 may kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatga tashrif buyuradi.

Tashrif dasturida Berlin shahrida Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer va Federal Kansler Olaf Shols bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqiladi, xalqaro kun tartibining turli jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan innovatsion-texnologik sheriklikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari ushbu mamlakat biznesining yetakchilari bilan alohida uchrashuv oʻtkazadi.
Tashrif chogʻida Jeyms Simons galereyasida “Oʻzbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar imperiyasigacha” nomli koʻrgazmaning ochilishi ham rejalashtirilgan.