platina.uz
Jamiyat

Mualliflik huquqi sabab xonanda shoirga 30 mln.soʻm tovon puli toʻlaydigan boʻldi

Fargʻona viloyati adliya boshqarmasi platina.uz ga mualliflik huquqi bilan bogʻliq nizoli holat tafsilotlarini maʼlum qildi.

Mualliflik huquqi sabab xonanda shoirga 30 mln.soʻm tovon puli toʻlaydigan boʻldi

“Gap shundaki, Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir B. Fazliddin ariza bilan murojaat qilib, xonanda A. Shermatov tomonidan xech qanday ruxsatsiz shoirga tegishli “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” nomli toʻplamidagi “Balosiz - goʻyoki gʻamimni yeysiz”,deb boshlanuvchi “Ayyor doʻstlarim” sheridan foydalanib qoʻshiq qilganligi, unga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni, mualliflik huquqini himoya qilishni soʻragan.

Shoirning murojaati adliya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda oʻrganib chiqildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudining qaroriga asosan, xonanda A.Shermatov mualliflik huquqbuzarligi sodir etilganlik fakti tasdiqlandi. Unga nisbatan maʼmuriy jarima jazosi tayinlandi.

Shoir B.Fazliddin foydasiga Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudining hal qiluv qarori eʼlon qilindi. Unga koʻra, xonandadan shoir foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari, yaʼni 30 mln. soʻm tovon puli undiriladigan boʻldi” deya izoh berdi Fargʻona viloyat Adliya boshqarmasi.

Maʼlumot uchun:

Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev tomonidan shoir B. Fazliddinning hech qanday ruxsatini olmasdan shoirga tegishli boʻlgan aynan “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” toʻplamidagi “Balosiz - goʻyoki gʻamimni yeysiz”, deb boshlanuvchi “Ayyor doʻstlarim” sheʼridan foydalanib qoʻshiq ijro qilganligi uchun sud tomonidan shoir-muallif foydasiga bazaviy xisoblash miqdorining 80 barobari, yaʼni 24 mln. soʻm tovon puli, 2 mln. soʻm maʼnaviy zarar, jami 26 mln. soʻm undirib berilgan.

“Aslida bu kabi holatlar keng jamoatchilikni xursand qilishi kerak! Chunki bu kabi holatlar mamlakatimizda qonunlar hayotiy tarzda ishlayotganligidan dalolat beradi” demoqda Fargʻona viloyat Adliya boshqarmasi.

Shu oʻrinda murojaat: mualliflik huquqi nafaqat nomulkiy, balki mulkiy huquq ekanligini unutmaylik, Mualliflik huquqingiz buzilsa, uni himoya qilish uchun Adliya vazirligi yoki hududiy adliya boshqarmalariga murojaat qiling!

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid