platina.uz
Jahon

JSST Hindistonda ishlab chiqarilgan yana bir siropdan ogohlantirmoqda

Soʻnggi ogohlantirish JSST Hindistonda ishlab chiqarilgan boshqa yoʻtal siroplarini Gambiya va Oʻzbekistonda bolalar oʻlimi bilan bogʻlaganidan bir necha oy oʻtib paydo boʻldi.

JSST Hindistonda ishlab chiqarilgan yana bir siropdan ogohlantirmoqda

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Marshall orollari va Mikroneziyada Hindistonda ishlab chiqarilgan xavfli yoʻtal siropi yuki topilganini maʼlum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

JSST Panjob QP Pharmachem Ltd tomonidan ishlab chiqarilgan Guaifenesin TG siropining sinovdan oʻtkazilgan namunalarida “qabul qilib boʻlmaydigan miqdorda diyetilen glikol va etilen glikol” borligini taʼkidladi.

Taʼkidlanishicha, sirop tarkibidagi ikkala birikma ham odamlar uchun zaharli va isteʼmol qilingan taqdirda oʻlimga olib kelishi mumkin. JSST bayonotida kimdir preparat oqibatida kasal boʻlgan-boʻlmaganiga aniqlik kiritilmagan.

JSSTning mazkur ogohlantirishi Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” yoʻtal siroplari Gambiya va Oʻzbekistonda bolalar oʻlimiga olib kelganidan keyingisi hisoblanadi.

QP Pharmachem Ltd boshqaruv direktori Sudhir Pazakning aytishicha, kompaniya barcha tartibga soluvchi ruxsatlarni olgandan keyin 18 346 ta sirop partiyasini Kambodjaga eksport qilgan. U mazkur mahsulot Marshall orollari va Mikroneziyaga qanday yetib kelganini bilmasligini aytdi.

“Biz dorilarni Tinch okeani mintaqasiga joʻnatmaganmiz va ular u yerda foydalanish uchun sertifikatlanmagan. Siroplar Marshall orollari va Mikroneziyaga qanday sharoitda yetib kelganini bilmaymiz”, — degan u.

Pazak uning kompaniyasi dori-darmonlar partiyasini Kambodjaga eksport qilgan firmaga qonuniy bildirishnoma yuborganini aytdi. JSST bayonotida aytilishicha, koʻkrak qafasidagi yoʻtal alomatlarini yoʻqotish uchun ishlatiladigan mahsulot Avstraliya dori vositalari boshqarmasi, Terapevtik tovarlar boshqarmasi tomonidan sinovdan oʻtgan. Sirop Haryana shtatida joylashgan Trillium Pharma tomonidan sotilgan. Trillium vakili va Hindiston hukumati mazkur xabarga munosabat bildirmagan.

Bayonotda "koʻrsatilgan ishlab chiqaruvchi ham, sotuvchi ham JSSTga ushbu mahsulotlarning xavfsizligi va sifati boʻyicha kafolatlar bermagan".

Oktabr oyida JSST global ogohlantirishni eʼlon qildi va Maiden Pharmaceuticals tomonidan ishlab chiqarilgan toʻrtta yoʻtal siropini Gambiyada buyrak shikastlanishidan 66 bolaning oʻlimi bilan bogʻladi.

Hindiston hukumati ham, Maiden Pharmaceuticals kompaniyasi ham bu ayblovlarni rad etgan edi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid