Bir kunda 200, bir oyda esa 6 000 000 soʻm foyda...
“Avval avtomobil yuvish shoxobchasida 50/50 ga ishlardim, endi esa hammasi oʻzimniki”, deydi Jizzax viloyati Paxtakor tumanida avtomobil yuvish shoxobchasi ochib daromad topayotgan yosh yigit Muzaffar Sindorov.

Jizzax viloyati Paxtakor tumanida 14-30 yoshdagi 18200 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shundan 485 nafari yoshlar daftari roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, 410 nafariga amaliy yordam berilgan. Jumladan, 31 nafar yoshlarga harbiy xizmat toʻlovlari toʻlab berilgan boʻlsa, 344 nafariga tijoriy banklar tomonidan kredit ajratilgan.
Ana shunday kredit olib, oʻzining tadbirkorligini boshlagan yoshlardan biri tumanning Samarqand mahallasida yashovchi Muzaffar Sindorov.
– Avval ham “moyka”larda ishlardim, faqat daromadim 50/50 taqsimlanardi. Misol uchun bitta mashina necha pulga yuvilsa, oʻshani teng yarmi choʻntagimga, qolgan yarmi kassaga tushardi. Hozir qancha ishlasam oʻzimniki. 33 million miqdorida imtiyozli kredit oldim. Ana shu “moyka”da nima apparat boʻlsa, oʻshani shu kredit puliga olganman.
Mana kreditim, mayda-chuyda ishlatadigan xarajatlarimdan orttirib, oldingi ishlaganimdan koʻra hozirgi daromadim yaxshi. Kuniga 200-300 ming, yaxshi ish boʻlsa 400-500 ming ham tushadi. Endi uni xarajatimdan chiqarib tashlab turib, 1 kunda 300 ming ishlasam, 100 ming xarajatimga chiqarsa, 200 ming sof foyda qilyapman.
Avvaliga Shohruhning ukasi akasiga yordam berayotgandi, endi esa ukasi ham akasidan oʻrnak olib, mahallaning boshqa hududidan xuddi shunday avtomobil yuvish shaxobchasi ochdi. Albatta bunda mahalla yoshlar yetakchisining yordami katta.
Mahalla yoshlar yetakchisi Abbos Isoqulovning maʼlum qilishicha, hozirgi kunda mahalladagi 14-30 yoshlilar ahvoli oʻrganilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar “Yoshlar daftari”ga tavsiya qilinmoqda.
Yana imtiyozli kredit mablagʻi ajratilgan yoshlar bor. Xotin-qizlarga esa tadbirkorlik qilishi uchun tikish mashinalari olib berilgan. Ijtimoiy holati ogʻir yoshlarning aksariyatiga bir martalik moddiy yordam koʻrsatilgan.
Sogʻligida muammosi boʻlgan yoshlarning davolanish xarajatlari belgilangan tartiblarga asosan toʻlab berilmoqda.