Tabiat resurslari vazirligi 10 mayga qadar har jumani "Avtomobilsiz kun" sifatida oʻtkazishga chaqirdi

Tabiat resurslari vazirligi 10 apreldan 10 mayga qadar Respublika boʻylab "Toza havo" oyligi munosabati bilan barcha vazirlik, idoralar, korxona va tashkilotlar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklarini "Toza havo" oyligi doirasida haftaning maʼlum bir kunini "Avtomobilsiz kun" sifatida nishonlashga chaqirmoqda.
"Bundan maqsad avtotransport vositalarining atrof-muhitga taʼsirini yanada kamaytirishdir", deyiladi xabarda.
Har haftaning juma kuni davlat tashkilotlari, aholining keng qatlami orasida shaxsiy avtomobillardan voz kechish va jamoat transportidan koʻproq foydalanishni taʼminlash, insonlarning sogʻlom turmush tarziga rioya qilgan holda velosipeddan foydalanishlarini tashkil etish, aholi orasida velosipedning salomatlik va atrof-muhitga foydali ekanligi yuzasidan targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish tavsiya etiladi.
