Namanganda talaba qizni taʼqib qilgan bezori jarimaga tortildi

Voqea tafsilotlariga koʻra, Namangan viloyati Chortoq tumanida yashovchi talaba qiz nomaʼlum bir shaxs tomonidan doimiy ravishda telefon orqali qoʻrqitib bezovta qilinayotgani boʻyicha Oliy Majlisning Inson huquqlari vakili (ombudsman) ishonch telefoniga murojaat qilgan. Otasi chet davlatiga ishlash uchun ketgan murojaatchi qizning Ombudsmanga yozishicha, yigit uni va dugonalarini koʻp bora bezovta qilgan, hattoki, onasini oʻldirish bilan ham qoʻrqitgan.
Mazkur murojaat zudlik bilan Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakiliga yuborilib, Chortoq tumani Ichki ishlar boʻlimi xodimlari bilan birgalikda koʻrib chiqildi.
Olib borilgan oʻrganishlar davomida, murojaatchini qoʻrqitib kelgan shaxs shu tumanda yashovchi, 1991 yilda tugʻilgan A.O.ekanligi aniqlanib, unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi va ish sudga oshirildi.
2023 yil aprel oyidagi Jinoyat ishlar boʻyicha Chortoq tuman sudining tegishli hukmiga koʻra, 1991 yilda tugʻilgan A.O.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 41-moddasi qoʻllanilib, unga eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, aybdor A.O. dan murojaatchi qizni qayta bezovta qilmasligi toʻgʻrisida tilxat olindi.




