Toshkent shahar markaziy davlat arxivida angar koʻrinishidagi zamonaviy saqlovxonalar qurilmoqda

Noyob xazinalar manzili boʻlgan Toshkent shahar markaziy davlat arxivi respublikadagi eng yirik arxivlardan hisoblanadi. Bu yerda 1971 yildan buyon Toshkent shahriga tegishli arxiv hujjatlari, shu jumladan, ikkinchi jahon urushi davrida evakuatsiya qilingan fuqarolar va tashkilotlar toʻgʻrisidagi hujjatlar koʻz qorachigʻidek asrab, avaylab, saqlab, jamlab kelinmoqda.
Ushbu arxivda 2 mln. saqlov birligidan ortiq arxiv hujjatlari, eng katta hajmda – 1,6 mln. saqlov birligida shaxsiy tarkib hujjatlari saqlanadi.
Maʼlumot uchun: har bir saqlov birligi bu bittagina hujjat emas, balki har biri 250 varaqdan iborat maʼlumotlarni oʻzida jamlagan toʻplam hujjatlardir. Endi tasavvur qilavering, 2 mln.dan oshiqroq saqlov birligidagi arxiv hujjatlari ichida qancha-qancha maʼlumotlar bor?
Yana bir zoʻr xushxabar: 2021 yilda start olgan respublikadagi eng yirik va yagona angar koʻrinishidagi 3 ta saqlovxonalar ham aynan shu arxivda qurilyapti.
Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshligʻi Dildora KUChAROVAning maʼlum qilishicha, yangi angar koʻrinishida qurilayotgan saqlovxonaning eng kattasi 848 kv metr hududni egallagan va unda 168 ta mobil stelyajlar oʻrnatilgan. U 420 ming saqlov birligidagi arxiv hujjatlarini oʻz bagʻriga sigʻdira oladi. Eng qizigʻi, bu saqlovxonalar texnik jihatdan zamonaviy barcha talablarga javob beradi. Yongʻindan, namdan saqlovchi jihozlarga ega.
Mutaxassislarning aytishicha, hatto Fransiyada yangi milliy arxiv zamonaviy qurilgan boʻlsa ham, baxtsiz hodisa vaqtida, yaʼni deylik, yongʻin chiqsa, uni bartaraf etish suv bilan amalga oshiriladi. Suv bilan himoyalash baribir qaysidir darajada qogʻoz hujjatlar xavfsizligini toʻla kafolatlamaydi.
Toshkentdagi yangi angar koʻrinishidagi saqlovxona esa baxtsiz hodisalarda hujjatlarni ziyon keltirmaydigan darajada asrab qolish imkonini beruvchi Xitoyda ishlab chiqarilgan uskuna bilan jihozlanmoqda.
“Oʻzarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyevning tushuntirishicha, saqlovxonaning harorati oʻrtacha 17-19 darajani tashkil etishi, nisbiy namlik 50-55 foiz boʻlishi qogʻoz hujjatlari koʻp vaqt saqlanishiga imkon beradi. Ayni paytda mavjud koʻp saqlovxonalarda buning imkoniyati biroz mushkul. Ushbu yangi talablar bilan jihozlanib qurilayotgan saqlovxonalar esa ana shu muammolarga qaysidir maʼnoda yechim boʻladi.
Ushbu saqlovxona qurilishining birinchi bosqichiga 17, 6 mlrd soʻm mahalliy byudjetdan mablagʻ ajratilgan.




