2023 yildan boshlab "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlarini ham jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi

Mamlakatimizda byudjet taqsimotida aholining ishtiroki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-avgustdagi “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan taʼminlanmoqda.
Ushbu qarorga muvofiq 2021 yilning iyul-sentabr oylarida "Tashabbusli byudjet" boʻyicha ilk bora ovoz berish jarayoni tashkil etildi va uning doirasida fuqarolardan 41,1 mingta taklif kelib tushdi. Yakunda gʻolib boʻlgan 1599 ta taklifni moliyalashtirish uchun 530,5 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Joriy yilning fevral-aprel oylarida "Tashabbusli byudjet"ning birinchi mavsumida aholidan 55,9 mingta taklif kelib tushdi va maʼqullangan 2997 ta loyihaga byudjet mablagʻlari hisobidan 2 882 milliard soʻm ajratildi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari esa Oʻzbekistonda "Tashabbusli byudjet" boʻyicha ovoz berish jarayoni natijalarini tahlil qilishdi.
Tahlilchilar fikricha, ovoz berish jarayonida joriy mavsumda loyihalar uchun jami 16,1 millionta ovoz berildi. Bu koʻrsatkich 2021 yilda 1,1 milliontani tashkil etgani inobatga olinsa, aholining "Tashabbusli byudjet"ga qiziqishi keskin ortib borayapti.
Yana tahlilchilarning taʼkidlashicha, tashabbusli byudjetlashtirish ijtimoiy va infratuzilma bilan bogʻliq muammolarni manzilli hal etishda koʻmak bermoqda.
“Buni 2023 yil birinchi mavsum yakunlariga koʻra moliyalashtiriluvchi 2997 ta taklifning asosiy qismini umumtaʼlim maktablari (1335 ta yoki 44,5%), ichki yoʻllar (629 ta yoki 20,9%), sogʻliqni saqlash muassasalari (370 ta yoki 12,3%), maktabgacha taʼlim muassasalari (176 ta yoki 5,8%) ni taʼmirlashga oid takliflar ekanligi misolida ham koʻrish mumkin”, demoqda tahlilchilar.
Yana bir muhim maʼlumot shuki, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, joylardagi muammolarini qisqa muddatda hal etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktabrdagi "Jamoatchilik fikri asosida shakillantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga koʻra, 2023 yildan boshlab "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlarini ham jamoatchilik fikri asosida shakllantirishi belgilandi.
"Tashabbusli byudjet" singari loyihalar fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash bilan bir qatorda, ulardagi amalga oshirilayotgan islohotlar va yurt kelajagiga daxldorlik hissini yanada kuchaytirshga xizmat qiladi.