Xitoy elchisining chiqishi xalqaro nizoga sabab boʻlmoqda

Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay sobiq ittifoq davlatlarining haqiqiy mustaqilligini shubha ostiga olgan va "xalqaro huquqiy maqomga ega emas"ligini aytgan.
23 aprel kuni boʻlib oʻtgan telemuloqot chogʻida u Qrimni Ukrainaning yeri deb tan olishdan bosh tortgan. Bundan tashqari, postsovet davlatlari, jumladan, Oʻzbekistonning ham suverenitetini shubha ostiga qoʻygan.
Bu holatga Fransiya, Ukraina va Boltiqboʻyi mamlakatlari (Latviya, Litva, Estoniya) keskin noroziligini bildirgan.
"Barcha sobiq sovet davlatlari xalqaro huquq bilan mustahkamlangan aniq suveren maqomga egadir. Faqat Rossiyagina BMT xavfsizlik kengashiga "yolgʻon yoʻllar" bilan kirib olgan. Ming yillik tarixni bilishini pesh qiladigan yurt vakilining "Qrim voqeasi" haqidagi fikrlari gʻalati. Agar siz yirik siyosatchi boʻlishni istasangiz, rus autsaydarlarining targʻibotini takrorlamang", deya izoh bergan Ukraina prezidenti idorasi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak.
Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchisi Sardor Rustamboyev esa xitoylik diplomat aytgan gaplarni yaxshilab oʻrganib chiqish kerakligini bildirgan.
"Mustaqil boʻlganimizga 30 yil boʻldi va mustaqilligimiz uchun barcha asoslar va hujjatlar bor. Yana bir bor aytaman, buni yaxshilab oʻrganish kerak. Balki Xitoy tomonining soʻzlari notoʻgʻri traktovka qilingandir", degan Rustamboyev.
Videoda Xitoy elchisining soʻzlarini inglizcha tarjimada koʻrishingiz mumkin.