platina.uz
Jamiyat

Oliy sudda mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan 208 nafar shaxs oqlandi

Adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi. Oliy sudda 3 ta jinoyat ishi boʻyicha ayblangan qatagʻon qurbonlariga nisbatan oqlov hukmi oʻqildi.
Oliy sudda mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan 208 nafar shaxs oqlandi

Maʼlum qilinishicha, Oliy sudga 208 nafar shaxsga oid 3 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan oʻrganib chiqilgan.

Bosh prokuror oʻrinbosari tomonidan yuqorida koʻrsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirilgan.

2023 yil 19 aprel kuni ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi oʻrinbosari Ikrom Muslimov raisligida oʻtkazilgan ochiq sud majlislarida ushbu iltimosnomalar va protestlar koʻrib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 3 ta jinoyat ishi boʻyicha 208 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.

Mustaqillik yoʻlida fidokorona kurash olib borgan, hatto oʻz jonini fido qilgan qatagʻon qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi.

Maʼlumot uchun:

2020 yil 8 oktabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezidentimizning farmoyishi qabul qilingan. Farmoyish ijrosini taʼminlash maqsadida Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan. Shuning barobarida qatagʻon qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.

Oliy sudda muayyan sabablarga koʻra reabilitatsiya qilinmagan qatagʻon qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari boʻyicha ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhning izchil faoliyati, koʻlamli saʼy-harakati tufayli soʻnggi yillarda sovet davrida qatagʻon qilingan 408 nafar vatandoshimiz reabilitatsiya qilinib, oqlangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid