platina.uz
Jamiyat

Zoʻravonliksiz hayotga katta qadam: xotin-qizlar oʻzlarining qonuniy kuchli himoyasidan xabardormi?

Dahshatli raqamlar: oilaviy zoʻravonlik, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik boʻyicha yurtimizga oid statistika keyingi 2 yilda vaziyat keskin salbiy tus olganini koʻrsatdi.

Oilaviy zoʻravonlik, xotin-qizlarga boʻlgan tazyiq, hatto voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jismoniy hamda jinsiy tahdidlar ijtimoiy tarmoqlarda koʻp tarqalmoqda.

Yaqinda koʻp muhokamalarga sabab boʻlgan poytaxtda 12 yoshli oʻsmir qizning oʻlimi, Sergelida ona oʻzi va 3 farzandi joniga qasd qilgani, “Xorazm ishi”, Qashqadaryodagi holat, Qoʻqon davlat pedagogika institutining yotoqxonasida talaba qizlar xonasiga qoʻyilgan kamera voqeasi... kabilar shular jumlasidan.

Biz jamoatchilik nazorati sabab bu kabi holatlarning bir nechtasidan xabardormiz, xolos. Achinarlisi, bunday jarayonlardan siz va biz xabar topmaganimiz qancha?

Yaqinda boʻlib oʻtgan Senatning yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Narboyeva ochiqlagan maʼlumotlar vaziyat oʻta jiddiyligini koʻrsatgan.

“2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlari yuzasidan 72 000 dan ziyod murojaat kelib tushgan. Ularning 61 mingdan koʻpi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir boʻlgan. Biroq afsuski, shu kungacha Oʻzbekistonda oiladagi zoʻravonlik boʻyicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma boʻlmagan. Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan yon-atrofimizda boʻlayotgan mudhish va jirkanch holatlarni olaylik. 2020 yilda 156 ta, 2021 yilda 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir etilgan.
Yana maʼlumotlarga koʻra, 2022 yilda 73 ta 14 yoshga toʻlmagan bola bilan jinsiy aloqaga kirishish jinoyati sodir etilgan.
Bu koʻrsatkich 2019 yilda – 52, 2020 yilda – 35, 2021 yilda – 57 tani tashkil etgan, yaʼni keyingi 2 yilda vaziyat keskin salbiy tus olganini koʻrish mumkin.

Senat raisi taʼkidlaganidek, bu raqamlar va tahlillar jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qodir boʻlgan hamda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga qarshi turadigan yanada mustahkam va qatʼiy qonunlarga ehtiyoj borligiga yetarli asos, bizningcha.

Bugun jamiyatda ana shunday mudhish holatlarning sodir boʻlishi unga nisbatan qoʻllaniladigan jazo chorasini yanada kuchaytirish lozimligini koʻrsatmoqda. Shunga koʻra, yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xotin-qizlar hamda bolalarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga doir qonun imzolandi. Yangi imzolangan qonun bilan esa ana shunday noxush holatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda.

Muhim qonun 11 aprelda imzolandi. Keng tahlil va katta bahsu munozaralardan oʻtib imzolangan qonun haqida fuqarolarimiz, ayniqsa xotin-qizlarimiz qanchalik xabardor? Platina.uz jamoasi muhim qonundagi bunday oʻzgarishlarga aholining munosabati qanday ekanligini oʻrgandi.
Poytaxtimizdagi bir qancha aholi oʻrtasida oʻtkazgan ijtimoiy soʻrovnoma orqali amin boʻldikki, baʼzilarning bundan xabari yoʻq. Bu oʻz-oʻzidan qonundagi yangilanishlarni yanada kengroq targʻib etish lozimligini anglatadi. Toki, har bir ayol va yoshlar oʻzining haq-huquqini yanada chuqurroq anglab, uni talab qila olsin.
Zero, zoʻravonlikning har qanday koʻrinishi jinoyat! Saida Mirziyoyeva taʼkidlaganidek, zoʻravonlik — bizning madaniyatimiz emas!

Abbosjon IMOMOV

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid