Uyda saqlanayotgan itlar tishlashi natijasida oʻn minglab fuqarolar jabr koʻradi – Sanepidqoʻmita

Quturish kasalligi odamga hayvonlardan asosan tishlashi, ayrim hollarda tirnashi va soʻlaklashi natijasida yuqadi.
Kasallik hayvondan hayvonga, hayvondan odamga yuqadi, biroq odamdan odamga va odamdan hayvonlarga yuqmaydi. Shu sababli quturish kasalligini birinchi navbatda hayvonlar oʻrtasida qayd etilishiga yoʻl quymaslik kerak.
Afsuski respublikamizda aksariyat fuqarolar it saqlash qoidalariga rioya qilishmaydi, ular bu qoidalarni yaxshi bilishmaydi.
Buning natijasida oʻn minglab fuqarolarmiz uyda saqlanayotgan itlar tishlashi natijasida jabr koʻradi.
Hayvon tishlashidan jabrlanganlarni emlash uchun davlatning miliardlab mablagʻlari sarflanayotganligi ham koʻpchilikka sir emas.
Fuqarolar hayvon tishlashi natijasida ham jismoniy, ham moddiy, ham maʼnaviy zarar koʻradi, eng qoʻrqinchlisi ularda buning natijasida oʻlim muqarrar boʻlgan quturish kasalligining yuqish xavfi tugʻiladi.
Baʼzi fuqarolar uylaridagi itlari kasal boʻlsa yoki uni boqa olmasa, itlarini koʻchaga haydashadi yoki qayerlargadir tashlab kelishadi. Shundan keyin bu itlar qarovsiz, daydi itlarga aylanib qoladi. Daydi itlar esa quturish kasalligi manbai sifatida atrofdagilarga juda katta xavf tugʻdiradi.
Bugungi kunda respublikamizda daydi itlarni yoʻqotish masalasi ham katta bir muammoga aylanib qolgan. Bu muammoni ham fuqarolarimizni oʻzi tugʻdirayapti. Chunki itlar hududlarimizga boshqa hududlardan yoki boshqa “sayyora”dan kelib qolmaydi.
Quturish kasalligining oldini olish boʻyicha tavsiyalar:
- Hududlarda daydi hayvonlarni, ayniqsa it va mushuklarni paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik,
- egali it va mushuklarni saqlash qoidalariga muntazam va puxta amal qilish,
- ularni oʻz vaqtida veterinariya idoralarida hisobga olib, quturish kasalligiga qarshi emlash,
Eng asosiysi odamlarni hayvonlar tishlashidan asrash – odamlar oʻrtasida bedavo oʻta xavfli va dahshatli quturish kasalligidan saqlanish garovidir.