DXX yana ikki mansabdorning poraxoʻrligini fosh qildi

Davlat xavfsizlik xizmatining yana ikki mansabdorni ushladi.
Xususan, Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahridagi tumanlardan birining Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi fuqaroga noqonuniy ravishda harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga oʻz xizmat avtomashinasida undan 600 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Sirdaryo viloyatidagi Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlaridan birining direktori yoshlarni kasbga oʻrgatish bilan shugʻullanuvchi MChJ rahbaridan uning oʻquv markazida tahsil olayotganlarning darslarga qatnashish holatini monitoring qilmaslik va MChJ faoliyati boʻyicha tekshiruv oʻtkazmaslik evaziga 300 AQSh dollari talab qilib, muqaddam 2 mln. soʻm olgan.DXX xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 1,4 mln. soʻmni oʻz xizmat xonasida olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.