Toshkentning yangi hokimi ham qarorlarni yashirib qoʻyishni boshladi

Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umrzoqov 13 aprel kuni 247-14-0-Q/23-sonli qaror imzolagan. Mazkur qarorda faxriy nuroniylar ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish uchun 155 mln soʻm mablagʻ ajratish haqida soʻz borgan.
Ammo hokimning ushbu qarori E-qaror tizimida jamoatchilik uchun yashirib qoʻyilgan. Bunga “shaxsga doir maʼlumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli” sabab qilib koʻrsatilgan.
Shunchaki madaniy-maʼrifiy tadbirlar uchun, boz ustiga poytaxt hokimligi uchun unchalik katta boʻlmagan mablagʻ ajratilgani haqidagi qarorni yashirish nega kerak? Qiziq tomoni, bu qaror davlat xaridlari portalida toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalarga asos sifatida ilova qilingan.
Bundan tashqari, Sh.Umrzoqov 12-14 aprel kunlari qabul qilgan 11 ta qaroridan 10 tasini jamoatchilik uchun yashirib qoʻygan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq qariyb 2 oy Toshkent shahar hokimi vazifasini bajargan Baxtiyor Rahmonov bir qator qarorlarni E-qaror tizimida asossiz ravishda yashirib qoʻygani, jumladan, 5,2 mlrd. miqdoridagi byudjet puli haqida soʻz borgan qarori haqida xabar bergandik.