Qibrayda 1876 yilda ishlab chiqarilgan 2 dona oltin tangalarni 145 ming dollarga sotayotganlar ushlandi
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Jamiyat
14-aprel 2023 yil

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tuman boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Maʼlum qilinishicha, fuqarolar B.A. va M.U. 1876 yilda ishlab chiqarilgan «GOSUDARINYa IMPERATRITsA MARIYa FEODOROVNA» va «25 rubley» yozuvlari tushirilgan umumiy ogʻirligi 76,2 gramm boʻlgan 2 dona oltin tangalarni 145 000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.