"Madaniyat va maʼrifat" telekanali nomi oʻzgarmaydigan boʻldi — Ozodbek Nazarbekov

Madaniyat va turizim vaziri Ozodbek Nazarbekov Madaniyat va maʼrifat telekanali nomi bilan bogʻliq munozaralar boʻyicha xulosalarini ochiqladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Karvon” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi (ID-78167 (V-1) tayyorlanib, bir necha kun avval normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi – project.gov.uz'da eʼlon qilingan edi.
Vazir mazkur qaror loyihasi jamoatchilik tomonidan qizgʻin kutib olingani hamda ijtimoy tarmoqda keng muhokamalarga sabab boʻlganidan quvonganini bildirdi.
"Hafta davomida trendga chiqqan “Madaniyat va maʼrifat” telekanali atrofidagi fikr-mulohazalar millatimiz ziyolilari, teleijodkorlar yuragida yigʻilib qolgan dardlarni ham oshkor qildi. Bu joʻshqin chiqishlar toʻlqinida eʼtiborimni tortgan masalalar qatorida quyidagilarni alohida belgilab oldim:
- Telekanal nomini oʻzgartirmaslik;
- Ilmiy-maʼrifiy, adabiy-badiiy loyihalarni saqlab qolish va rivojlantirish;
- Moddiy-texnik baza masalasiga yechim topish;
- Mehnatga munosib haq toʻlash masalasini hal qilish;
- Badiiy va hujjatli filmlar, umuman, barcha janrdagi mediamahsulotni efirga uzatishda litsenziya bilan bogʻliq masalalar.
Bu va boshqa yondosh masalalar bosqichma-bosqich hal etilishi lozim, bu jarayonlarda esa butun jamoa birlashishi, bahs-munozara maydonida koʻrsatgan qatʼiyatini ish maydonida ham namoyon etishi zarur deb bilaman. Zero shu yurt, shu xalq vakillari sifatida barchamiz umumiy maqsad yoʻlida – millatni yuksaltirish, yurt ravnaqiga hissa qoʻshish yoʻlida kamarbastamiz.
“Madaniyat va maʼrifat” telekanali atrofidagi joʻshqin bahslarda xolis ishtirok etgan barcha ziyolilarga yurakdan tashakkur aytaman.
Oydin kunlarga yetishmoq yoʻlidagi xayrli sayʼ-harakatlarimiz yaxshi samaralarga yetkazsin, barchalarimizni muborak kunlar fazilatidan nasibador qilsin", - deydi Ozodbek Nazarbekov