platina.uz
Maqola

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish rivojlanayotgan mamlakatlarga naf keltirganmi?

Oʻzbekiston nimalarga eʼtibor qaratishi lozim?

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish rivojlanayotgan mamlakatlarga naf keltirganmi?

Jahon savdo tashkiloti (JST)ga aʼzo boʻlish dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga taʼsiri boʻyicha oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, 15 ta mamlakatdan 12 tasida eksportning, 10 tasida esa yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning oʻsish surʼati tezlashgan. 12 tasida inflyatsiya sekinlashgan va 10 tasida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar (TTXI) koʻlami oshgan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlarining maʼlum qilishicha, tahlillar JSTga 1990 yildan keyin aʼzo boʻlgan 15 ta rivojlanayotgan mamlakat - Albaniya, Bahrayn, Bangladesh, Kamerun, Gruziya, Gonduras, Iordaniya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moʻgʻiliston, Nepal, Rossiya, Shri Lanka, Turkiya va Vanuatuning eksport va import, YaIMning oʻsishi, inflyatsiya, ishsizlik, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning (TTXI) YaIMdagi ulushi va ishlab chiqarish sanoatining YaIMdagi ulushi kabi makroiqtisodiy koʻrsatkichlaridagi oʻzgarishlar boʻyicha oʻtkazilgan.

Maʼlum boʻlishicha, aʼzo davlatlarning eksport, YaIMning oʻsish surʼati tezlashgan, qaysi biridadir inflyatsiya sekinlashgan va TTXI koʻlami oshganlik, yana Bangladesh, Gonduras, Turkiya va Kamerunda koʻpchilik yoʻnalishlar boʻyicha ijobiy natija kuzatilgan boʻlsa-da, shu bilan birga, salbiy tendensiya hisoblangan ishsizlik darajasi 15 ta mamlakatdan 10 tasida oshgan.
Masalan, Bangladeshda ishsizlik 2,3%dan 3,5%ga, Gondurasda 3,4%dan 4,4%ga, Qirgʻizistonda 6,8%dan 8,7%ga oshgan. Ushbu mamlakatlarning 2 tasida ishlab chiqarish sanoatining YaIMdagi ulushi oshgan boʻlsa, 6 tasida kamaygan.

Shuningdek, tashkilotga aʼzo boʻlgan Qozogʻiston, Turkiya va Gruziyaning makroiqtisodiy koʻrsatkichlaridagi oʻzgarishlar JSTga aʼzo boʻlmagan shunday mamlakatlardagi oʻzgarishlar bilan qiyoslandi. Natijalarga koʻra, sezilarli ijobiy oʻzgarish faqat eksport va importda kuzatilgan. Qolgan yoʻnalishlardagi koʻrsatkichlar deyarli farq qilmagan. Masalan, Qozogʻiston JSTga aʼzo boʻlgandan keyin ishsizlik darajasi 5,3%dan 4,9%ga pasaygan. Ozarbayjonda ham aynan shu davrda 5,2%dan 4,9%ga kamaygan, Oʻzbekistonda esa 5%dan 5,6%ga oshgan.
Xoʻsh, tahlil natijalariga koʻra, Oʻzbekiston qanday chora-tadbirlar belgilashi kerak?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Iqboljon Qosimovning platina.uz nashriga bergan maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston bu masalada quyidagi jihatlarni inobatga olishi lozim:

  • tashqi dunyo bilan erkin raqobatlasha oladigan ishlab chiqarish sohalarini tanlab olish va ularni uzoq muddatli rivojlantirish rejasini ishlab chiqish;
  • uzoq muddatli samarali sanoat strategiyasini shakllantirish (masalan, Yevropa Ittifoqi oʻz sanoat siyosatining asosiy tamoyillarini belgilab qoʻygan);
  • korxonalarning tashqi raqobatga bardoshlilik koʻrsatkichi boʻyicha doimiy ravishda oʻzini-oʻzi monitoring qilib borishiga turtki beruvchi mexanizmlarni qoʻllash.

• Maʼlumot uchun
Jahon savdo tashkiloti (JST) — mamlakatlararo savdo qoidalarini boshqarib turuvchi yagona xalqaro tashkilot hisoblanadi. JST (WTO, ingl. World Trade Organization)ga aʼzolik xalqaro tijorat uchun qulay huquqiy tizimni taqdim etish imkoniyatini beradi. Shuningdek, oʻzaro qabul qilingan muhim hujjatlar aʼzo davlatlarning oʻz savdo siyosatlarini kelishilgan mezonlarda olib borishlarida masʼuliyat yuklaydi. Bundan koʻzlangan maqsad — jahon bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda tovarlar va xizmatlarni ishlab chiquvchilar, eksportyor va importyorlarga koʻmak berishdir.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid