3 soniyalik sudda jazolangan “Activist”: yogʻqurt va soʻz erkinligi masalalarida hayratomuz “tezkorlik”

“Yogurt” degan soʻz asli “yogʻqurt” degan soʻzdan boshqa tillarga oʻrnashgani, “yogʻli qurt” degan maʼnoni bildirishi aytiladi.
Eslatib oʻtamiz, “Activist” nomi orqali tanilgan Hojiakbar Nosirov aynan yogurtning tarkibi toʻgʻrisidagi fikrlari uchun 15 sutkaga qamalgan. Unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targʻib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi boʻyicha maʼmuriy ish koʻrib chiqilgan.
Toshkent shahar sudlari axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Shayxontohur tumani IIO FMB TQKB xodimlari tomonidan Toshkent shahrida diniy muhitni sogʻlomlashtirish borasida olib borilayotgan ijtimoiy tarmoqlarda monitoring tadbirlari davomida Hojiakbar Nosirov Telegram messenjeridagi ACTIVIST kanali orqali har xil turdagi diniy mazmundagi videolarni, yaʼni Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2023 yil 7 apreldagi 18-660-sonli xulosasiga asosan aholi orasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan gʻoyalarni tarqatganligi aniqlangan.
Yana maʼlum boʻlishicha, ACTIVIST loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov hamda uning advokati sudda koʻrsatma berishdan bosh tortgan.
HAYRATOMUZ “TEZKORLIK”
Biz hayotda fuqarolarning shikoyatlari, arzu dodlari, jumladan, jurnalistlarga nisbatan bosim oʻtkazish, ularning kasb faoliyatiga nisbatan taʼqib va senzura hollari boʻyicha qilingan murojaatlarni oʻrganish, aybdorlarni jazolash ishlarida huquq-tartibot idoralari oylab chora koʻrmaganliklarini, gohida hatto javob bermaganlarini koʻp koʻrganmiz. Ammo jurnalistlar va blogerlarga nisbatan olib borilgan jazo ishlarida, “shest sekund”da boʻlmasa-da, oʻta tezkorlikni koʻramiz.
Mazkur holat yuzasidan maʼmuriy ish rasmiylashtirilib, sudga oshirilgan. 7 aprelda diniy qoʻmitada imzolangan hujjat asosida 8 aprel kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida 1997 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan Hojiakbar Nosirovga nisbatan maʼmuriy ish koʻrib chiqilgan. Loyihaning Telegramʼdagi sahifasida ichki ishlar xodimlari bosim ostida material toʻplashgani va sud jarayoni noqonuniy bor-yoʻgʻi 3 daqiqa davom etgani taʼkidlanadi.
JAMOATChILIK MULOHAZALARI
“Activist” loyihasi asoschisi Hojiakbar Nosirovga “koʻpirtirilgan” ayb qoʻyilib, adolatsizlik qilingan. Bu haqda Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev ham oʻzining Telegram'dagi kanalida yozib qoldirgan.
“Activist” loyihasi asoschisi Hojiakbar Nosirov men kuzatib boradigan kam sonli blogerlardan biri. Kecha uning 15 sutkaga qamalganini eshitib, bu voqeaga doir barcha xabar va munosabatlarni kuzatdim. Va blogerga “koʻpirtirilgan” ayb qoʻyib, adolatsizlik qilingan, degan fikrga keldim”, deydi sobiq deputat.
“Agar u aytgan yogurtlar tarkibida shunday modda boʻlib, bu islom diniga eʼtiqod qiluvchilar uchun isteʼmolda mumkin emas boʻlsa, bloger haqiqatni aytgan boʻlib chiqadi. Biror bir mahsulot tarkibida musulmonlar uchun halol yoki harom modda bor-yoʻqligi haqida maʼlumot berganlik, gapirganlik, qachondan beri diniy adovatni uygʻotadigan boʻlib qoldi? Qator kolbasa va boshqa oziq-ovqatlar haqida halol soʻzini ishlatib reklama tarqatganlar unda nima uchun shu vaqtgacha javobgar boʻlishmagan?” – deya fikr bildirgan Kusherboyev. Shuningdek, u blogerning aynan qaysi gapi yoki harakati jamiyatda diniy adovat uygʻotganiga oydinlik kiritilmaganini aytib, tanqid qilgan.
DARVOQE...
Aslida biz, blogerning muayyan firmaning yogurti haqidagi fikri ishlab chiqaruvchiga zarar yetkazgan, deb hisoblangan taqdirda kompaniyalar blogerni sudga bergan boʻlishi mumkin, deb oʻylaganmiz. Huquq-tartibot idoralari “yuzlarini saqlash uchun” birorta shunday kompaniyadan ariza olib ham oʻtirishmagan. Bu holat jamoatchilikni “Activist” loyihasi asoschisiga berilgan jazoda diniy adovatdan koʻra koʻproq shaxsiy adovat borga oʻxshaydi, degan fikrga ham olib keladi.
Har holda “Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 35-moddasiga binoan, tadbirkorlik faoliyati subʼekti oʻz ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan maʼlumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini va maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.
Bilamizki, Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Shu bilan birga din haqidagi har bir soʻz yoki fikrga bu qoʻmitadan ruxsat olinaversa, qoʻmitada millionlab odam ishlashi kerak boʻladi.
Ikkinchi tomondan, bu holatda fikr va soʻz erkinligi jiddiy cheklanadi.
KIMYoVIY MODDA VA JAZO KODEKSINING MODDASI
Toshkent shahar IIBB bayonotiga koʻra, Hojiakbar Nosirov videorolik orqali fuqarolarga turli ishlab chiqaruvchi kompaniyalar mahsuloti boʻlgan yogurtlarning tarkibida “karmin” moddasi mavjudligi sababli ularni isteʼmol qilish mumkin emasligi xususidagi fikrlarini “tegishli soha mutaxassislaridan xulosa olmagan holda, oʻz tashabbusiga koʻra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirgan”. Idora bu holat “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qator qonunlarga zid ekani, alohida shaxslarning oʻz tashabbusi orqali turli masalalarga diniy tus berib, oʻzgalarning shaxsiy hayotga aralashishiga yoʻl qoʻyilmasligini taʼkidlagan” holda, Oʻzbekiston hududida “diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshirilishi”ni eslatgan.
Uzoqqa bormaylik, Rossiyaning ORT telekanalida “Kontrolnaya zakupka” (Nazorat xaridi) degan koʻrsatuv bor. Uni Anton Privolnыy degan jurnalist olib boradi. Bir kun yogurtni taqqoslaydi, tarkibini, sifatini eʼlon qiladi va har gal koʻrsatuv hech kim tomonidan moliyalashtirilmasligini, isteʼmolchi manfaatida ishlashini aytadi. U bu koʻrsatuvi uchun koʻp bor mukofotlangan.
“Activist” jamoasi oʻz sahifasida Hojiakbar Nosirovning videosini eʼlon qildi. “Activist”ning qoʻshimcha qilishicha, shu vaqtgacha chiqarilgan barcha video kimningdir buyurtmasi yoki moddiy-maʼnaviy koʻmagisiz suratga olingan. U soʻzini “Men Prezident va xalqning koʻmagiga ishonaman” deb yakunlagan.
“Oxirgi videolarda oziq-ovqatlarni “obzor” qilayotgan edik. Xalqqa qaysi moddalar halol, qaysilari harom ekanini koʻrsatib berayotgan edik... Hech kim muammolarini olib chiqishimiz uchun bir-ikki soʻm pul bermagan. Hech kim talab ham qilmagan. Hadya, moddiy yoki maʼnaviy koʻmak ham bermagan. Bularning hammasi oʻz xohishimga koʻra, xalq foydasini oʻylab qilingan”, - deydi bloger.
Qayd etilishicha, karmin – qizil rangli boʻyoq moddasi boʻlib, Ye120 raqami ostida oziq-ovqat qoʻshimchalari sifatida foydalaniladi. Ushbu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub boʻlgan koshenil hasharotidan olinadi.
Toʻrt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni isteʼmol qilish qatʼiy man qilingan.
Bizning diniy qoʻmita mutaxassislariga koʻra, “hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va usullardan oʻtishi bilan holati oʻzgarishi soha mutaxassislari va ulamolarimiz tomonidan aytilgan. Bu boradi Iordaniya fatvo hayʼatining 3240-sonli Fatvosida quyidagilar bayon qilingan: “Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yoʻllar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida “Istihola” yaʼni bir moddani boshqasiga oʻzgarishi deyiladi. Natijada, najosat va nopok boʻlgan narsalar oʻz sifatlarini yoʻqotib boshqa narsaga aylanadi”.
Fatvo markaziga koʻra, bu masalada hanafiy mazhabining allomasi Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh “Fathul-Qodiyr” kitoblarida bunday degan: “Shariat (biror narsani) najosat boʻlishini muayyan mohiyatga bogʻlagan. Najosatning baʼzi sifatlari yoʻqolishi bilan najosatlik mohiyati ham yoʻqoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yoʻqolsa, najosatlik mohiyati ham toʻliq yoʻqolgan boʻladi. Buning sharʼiy masaladagi misoli: uzum suvi pok sanaladi. (Vaqt oʻtishi bilan) xamr (mast qiluvchi ichimlik)ga aylanib, najosat boʻladi. (Yana vaqt oʻtishi bilan) xamr sirkaga aylanib, pok boʻladi”.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi yuqoridagilardan kelib chiqib karmin E120 moddasi qoʻshilgan mahsulotlarni isteʼmol qilish joiz ekanini maʼlum qildi.
“Lekin ushbu fatvolar ulamolar tomonidan eʼlon qilingan boʻlsa-da, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlardan mazkur masalada ehtiyot yoʻlini tutishni tavsiya etganlari ham bor ”, deyiladi xabarda.
Koʻrib turganimizdek, muammo hatto din ulamolari va ekspertlar oʻrtasida ham bahslidir, keskin qatʼiylashgani yoʻq. Bunaqa holatlarda matbuot qonunchiligimizda javob va raddiya haqidagi meʼyorlarp mavjud, yaʼni kimdir blogerning fikriga qoʻshilmasa, u javob yoki raddiya berishi mumkin. Buning uchun bir insonni “samoviy tezlikda” qamab tashlashning zarurati insonni oʻylantiradi.
Aytish lozimki, blogerlik bilan shugʻullanayotganiga koʻp boʻlmagan Hojiakbar Nosirov Oʻzbekistonda isteʼmolchilar huquqlarni himoya qilishga qaratilgan videolari bilan tanilgan. U kirgan doʻkonida sotilayotgan mahsulotlarning yaroqlilik muddati oʻtganlarini topadi va bu haqda doʻkon rahbariyatini isteʼmolchilar huquqlari buzilayotgani bilan ogohlantiradi. Shu bilan birga u xaridorga chek berilishi, mahsulotlarning saqlanishi umuman olganda savdo sifati boʻyicha oʻz faoliyatini amalga oshiradi. Mamlakatimizda “Jamoatchilik nazorati” toʻgʻrisida qonun bor.
Tezkor oʻtgan suddan va rasmiy tashkilotlardan aynan qaysi ishlatilgan soʻz yoki kontenti diniy ekstremizmga aloqador ekanligini, qay tarzda bu soʻzlardan adovat kelib chiqishi va “osmon uzilib yerga tushishi”ni isbotlab berish talabi ham muallaq turibdi.
Soʻz erkinligi uchun maydon kengroq boʻlishi, bahsli fikrlar ham aytilishi va shuning natijasida haqiqat qaror topishi, har aytilgan gap uchun choʻchib yashamaslik mamlakat taqdiri uchun muhimdir.
Eng asosiysi va hayratlanarlisi, qarshimizda soʻz erkinligini oʻz ichiga olgan yangi Konstitutsiya uchun ovoz berish jarayoni turibdi.
Karim BAHRIYeV