Oʻzbekistonliklar 2025 yildan 65 yoshdan pensiyaga chiqadimi?

Jahon banki Oʻzbekistonga uzoq muddatli istiqbolda pensiya yoshini oshirishni tavsiya qildi. Bu boradagi tavsiya hukumat soʻrovi bilan tayyorlangan hisobotdan oʻrin olgan. Unga koʻra, Oʻzbekistonda 2025 yildan pensiya yoshini sekin 65 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilish eng yaxshi variant boʻladi. Yaʼni "Oʻzbekiston pensiya yoshi ayollar uchun 55, erkaklar uchun 60 yosh boʻlgan sobiq ittifoq mamlakatlari ichidagi yagona davlat hisoblanadi. 1990 yillardagi oʻtish davri islohotlari vaqtida koʻplab mamlakatlar pensiya yoshini 2-3 yilga oshirdilar", deyiladi hisobotda.
Maʼlum qilinishicha, ayrim davlatlar ayollar va erkaklarning pensiya yoshini bosqichma-bosqich tenglashtirishga kirishishmoqda. Estoniya, Latviya, Litva va Ozarbayjon ayollar va erkaklar uchun pensiya yoshini 65 yoshga oshirmoqda.
"2025 yildan pensiya yoshini sekin 65 yoshgacha oshirishni nazarda tutuvchi 2021-2030 yillarga moʻljallangan Milliy ijtimoiy himoya strategiyasi doirasida qaror qabul qilish eng yaxshi variant boʻladi. Kelgusida bu demografik oʻzgarishlar bosimini kamaytirib, mehnatga layoqatli va pensiya yoshi oʻrtasidagi chegarani asta-sekin oʻzgartiradi. Ishchi kuchining demografik oʻsish salohiyati tugagunga qadar (2040 yillarning oʻrtalarida) buni amalga oshirish uchun mamlakatda vaqt boʻlishi juda muhim, chunki bu milliy raqobatbardoshlik masalasidir", deya keltirilgan Jahon banki hisobotida.
Bu taklif qabul qilinadimi? Tizim masʼullaridan izoh olishga urindik.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi bu borada ayni paytda biror bir taklif yoki loyiha koʻrib chiqilmayotganligi hamda bu masala kun tartibida mavjud emasligini bildirdi.
Demak, bu taklif hech bir kuchga ega emas va xavotirga oʻrin yoʻq.