platina.uz
Jamiyat

Oliy taʼlim ham “Open budget”ga qarab qolganmi?

Nega oliy taʼlim dargohlari oʻzlarida daromad manbai, deylik, toʻlov-shartnomadan tushadigan yoki byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar boʻla turib, isitish tizimini taʼmirlash yoki yangilash, laborator jihozlar sotib olish kabi masalalar bilan raqobatni kuchaytirib “Open budget”da ishtirok etishyapti?
Oliy taʼlim ham “Open budget”ga qarab qolganmi?

Ayni paytda yurtimizda “Open budget”ning 1 mavsumi 3 bosqichi, yaʼni ovoz berish jarayoni yakuniga yetdi. Taklif qilingan loyihalar orasida oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, isitish tizimlarini yaxshilash kabilar ham uchradi. Aslida oliy taʼlim muassasalarining bunday muammolariga mablagʻlar davlat byudjetidan qoplanmaydimi? Boz ustiga oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-shartnoma asosidagi mablagʻlar bor boʻlsa, nahotki ular ham “Open budget”ga qarab qolishgan? Nega oliy taʼlim dargohlari oʻzlarida daromad manbai boʻla turib ham “Open budget” orqali raqobatni kuchaytirib, isitish tizimi yoki laborator jihozlar sotib olish kabi masalalar bilan ishtirok etishyapti? Shu kabi savollarga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligidan izoh oldik...

Maqsudjon HAMRAYeV, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshligʻi:
– Oliy taʼlim muassasalarining asosiy moliyaviy manbalari ikki turga boʻlinadi, jumladan, grant asosida oʻqiyotgan talabalarning oʻqitish xarajatlarini qoplash uchun ajratilayotgan davlat byudjeti mablagʻlari hamda talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablagʻlari.
Oliy taʼlim muassasalarining yillik xarajatlarining asosiy qismini yaʼni, oʻrtacha 61 foizidan ortiqrogʻini professor-oʻqituvchilar va xodimlarning ish xaqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlari hamda talabalarga toʻlanadaigan stipendiya xarajatlari tashkil etadi. Qolgan qismi boshqa joriy saqlash (kommunal toʻlovlar, taʼmirlash, jihozlash va moddiy-texnik bazani mustahkamlash boʻyicha boshqa barcha) xarajatlarga yoʻnaltiriladi.
Albatta bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida yillik ajratilgan mablagʻlar hisobidan joriy va kapital taʼmirlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va boshqa koʻplab dasturli ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin, barcha oliy taʼlim muassasalarida ham mablagʻlar ularning ehtiyojlarini toʻliq qoplash darajasida emas. Shu sababli, yaratilgan qoʻshimcha imkoniyatlardan foydalangan holda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali oliy taʼlim muassasasini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha tegishli takliflar berilmoqda.

– Shu oʻrinda yotoqxonalar masalasi qanday hal etilayotgani boʻyicha maʼlumot bersangiz. Oʻtgan yilgi vaziyat bu borada bugundanoq yechimlar koʻrilishini taqozo etadi, shunday emasmi?
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi “2022-2026 yillarga moʻljallangan “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida PF-27-son Farmonining 48-maqsadida 2023 yil yakuniga qadar 18 000 oʻrinli talabalar turar joylarini barpo etish belgilangan.
Bugungi kunda, talabalar turar joylarini barpo etish boʻyicha jami 28 526 oʻrinli 58 ta loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 19 576 oʻrinli 40 ta, oliygoh va byudjet mablagʻlari hisobidan 3 450 oʻrinli 7 ta, oliygohlarning toʻliq oʻz mablagʻlari hisobidan 3 900 oʻrinli 8 ta hamda investitsiya dasturi doirasida 1 600 oʻrinli 3 ta.
Shundan, 18 066 oʻrinli 35 ta loyihalarda qurilish ishlari boshlangan. Maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, bu boradagi ishlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

– Oliy taʼlim muassasalari orasida moliyaviy mustaqillik berilganlari ham bor. Oliy taʼlim muassasalari ana shu moliyaviy mustaqillikni qaysi masalalarda qoʻllashyapti? Ularni daromadlari va xarajatlarini kim nazorat qiladi?
– Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 dekabrdagi PQ-61-son qarori bilan Respublikadagi bir qator davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berilgan boʻlib, bugungi kunda ularning soni 41 tani tashkil etmoqda. Mazkur qarorga muvofiq moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalarida tarkibi yetakchi vazirlik va idora, kompaniya va salohiyatli ish beruvchilardan iborat boʻlgan, Kuzatuv kengashlari tuzilgan boʻlib, ularga oliy taʼlim muassasalari tomonidan shakllantiriladigan biznes-rejasi, daromadlar va xarajatlar parametrlarini tasdiqlash hamda ularning ijrosini muhokama qilib borish vakolatlari berilgan.
Shuningdek, moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim muassasalarining davlat buyurtmasi sifatida ajratilgan mablagʻlari hamda toʻlov-kontrakt mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasi tegishliligi boʻyicha yuqori turuvchi vazirlik va idoralarda roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda belgilangan tartibda nazorat qilib boriladi.
Shu bilan bir qatorda, moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalariga 2022 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi masalalar boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatlari berilgan:

  • taʼlim xizmatlari bozoridagi talabni inobatga olgan holda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash;
  • talabalarning toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlash muddatlarini belgilash va uzaytirish;
  • taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-oʻqituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
  • oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan xorijiy yuqori malakali mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilashga oid qarorlar qabul qilish;
  • professor-oʻqituvchilar shtat birliklarini kiritish meʼyorlarini ishlab chiqish;
  • oʻz mablagʻlari hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish;
  • xorijiy davlatlardan oʻquv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda oʻquv qoʻllanmalarni mualliflik huquqi boʻlgan ishlab chiqaruvchilardan toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish;
  • boʻsh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar koʻrsatish tartibini belgilash;
  • avtotransport vositalarining yoʻl bosish yillik limiti va ularga xizmat koʻrsatish talablarini belgilashi.

Taqdim etilgan maʼlumotlardan anglash mumkinki, har bir tashkilot va idoralarda boʻlgani kabi oliy taʼlim muassasalarining ham qoʻshimcha ravishda “Open bydget” loyihasiga ehtiyoji bor va uni cheklash oʻrinsizdir. Vaholanki, taʼlimga kiritilgan investitsiya – kelajakka qoʻyilgan sarmoyadir.

Eslatib oʻtamiz, 2023 yil 1-mavsumida mamlakatimiz boʻylab "Open Budget" portali orqali 33 680 ta tashabbus uchun 16 mln dan ortiq ovoz berilgan. Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra, 1666 ta loyiha gʻolib deb topilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid