platina.uz
Jamiyat

Bolalarning sogʻligʻi va hayoti bilan oʻynashmang!

Qoraqalpogʻistonda bolalarga berilgan “bepul tushlik” ichidan endi qum, soch toʻgʻnogʻichi, un qopining ipi chiqqani maʼlum boʻldi. Platina.uz esa avvalroq Qoraqalpogʻiston Respublikasining Kegeyli tumanida sodir boʻlgan ayni shunday holat yuzasidan masʼullarga "Ushbu holat boshqa hududlarda takrorlanmasligiga kafolat bormi?" degan savolni koʻndalang qoʻygandi. Ammo oʻshanda masʼullar bergan izohlar oʻzini oqlamadi va ikki oy oʻtmasdan “bepul tushlik”ning yana “dogʻ”i koʻrindi.
Bolalarning sogʻligʻi va hayoti bilan oʻynashmang!

Bu safar ham Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidagi 41-sonli maktabda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga berilayotgan bepul tushliklarning sifatsizligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda video tarqaldi.

Ushbu videomurojaat shu maktab muassasasining oʻqituvchisi tomonidan maktab maʼmuriyati uchun yoʻllangan. Unda murojaatchi oʻqituvchi prezidentimiz tomonidan joriy etilgan tashabbus orqali berilayotgan oziq-ovqatlar sifati judayam qoniqarsiz ekanligini bildirgan.

"Shu kungacha berilgan mahsulotlari boʻyicha qator kamchiliklarni maktab rahbariyatiga aytib kelganman. Olmalari yuvilmagan boʻlsa, chirigan, keks ichidan qizlar sochiga taqadigan toʻgʻnogʻich, un qopining ipi chiqqan kunlar ham boʻlgan. Lekin joriy yil 7 aprel 2-B sinf oʻquvchimni “konfet”idan qum aralash tuproq chiqdi. Qiz bechora yarmini yegan. Konfet oʻralgan qogʻozini koʻzdan kechirsam, ishlab chiqaruvchi haqida hech nima yozilmagan" deyiladi xabarda.

Ushbu holat yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi munosabat bildirdi. Unda Xoʻjayli tumani xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli umumtaʼlim maktablarining 1-4-sinfda taʼlim oladigan jami 8670 nafar oʻquvchiga 3 ta keytering korxonasi (“TABBASUM NUKUS”, “BEKBERGEN SERVIS ORAYI”, “ALLIANSE ARAL- S”) tomonidan har kuni belgilangan taomnoma (menyu) asosida oziq-ovqat mahsulotlari berilib kelinayotgani aytilgan. Mutasaddilarning olib borgan oʻrganish ishlari natijasida Xoʻjayli tumanidagi 41-sonli umumtaʼlim maktabiga oziq-ovqat mahsulotlarini “BEKBERGEN SERVIS ORAYI” MChJ tomonidan 2023 yil 7 aprel kuni ertalabki soat 9:45 da olib kelingani hamda ushbu mahsulotlarni maxsus komissiya aʼzolari R.Yerejepova, A.Abdisametova, D.Niyazova, N.Avezova va Q.Ametovalar qabul qilib olgani aniqlangan.
Qolaversa, 2023 yil 7 aprel kuni maktabga 388 nafar oʻquvchiga tasdiqlangan taomnoma (menyu) asosida yongʻoqli keks, STEP shokoladi, olma, shirin choy yetkazib berilgan. Shu kuni 2-“b” sinf oʻquvchilariga berilgan STEP shokoladidan qum chiqqanligi va sinf rahbari B.Bekbosinova bu holat boʻyicha maktab rahbariyatiga video xabar orqali murojat qilganligi, maktab rahbariyati esa oziq-ovqat yetkazib beruvchi keytering korxonasiga bu holat boʻyicha maʼlumot berganligi aniqlangan.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mazkur kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli tartibda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, yana oʻrganish ishlari amalga oshirilishini, bu borada qoʻshimcha maʼlumot berilishi haqida maʼlum qilgan.

Platina.uz esa avvalroq Qoraqalpogʻiston Respublikasining Kegeyli tumanida sodir boʻlgan ayni shunday holat yuzasidan masʼullarga "Ushbu holat boshqa hududlarda takrorlanmasligiga kafolat bormi?" degan savolni koʻndalang qoʻygandi.
Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasining Sanitariya-gigiyena boshqarmasining boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Anvar ShUKUROV avvalroq maʼlum qilingan sifatsiz bepul tushlik oʻrganish jarayonida aniqlangani va oʻsha zahoti isteʼmoldan chiqarilganini bildirgan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish va tibbiy xizmat koʻrsatishni muvofiqlashtirish boʻlimi mutaxassisi Shoira RAYIMBAYeVA ham aynan Kegeylidagi holatda sifatsiz mahsulotlar hali umumtaʼlim maktablariga yetib bormaganini qayd etgandi.

Ammo ikki oy oʻtmasdan “bepul tushlik”ning yana “dogʻ”i koʻrindi va bu gal sifatsiz bepul tushlik oʻquvchilar qoʻligacha yetib borgan.
Ushbu holat boʻyicha esa hali Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi biror bir maʼlumot taqdim etmadi.

Yangi oʻquv yilidan butun respublikada bu amaliyot tatbiq etilishini inobatga olsak, hozirgacha aniqlangan holatlarning oʻzi xulosa qilish uchun kifoya edi. Ammo bu kabi noxush holatlarning ortib borayotgani, tizimdagi kamchiliklar va tanish-bilishchilikni bartaraf etmasdan turib, butun mamlakat miqyosida bepul tushlikni joriy qilish koʻplab bolajonlarning sogʻligi uchun katta xavf tugʻdirishi mumkinligini inobatga olish kerak. Shunday ekan, bugungi nazorat va ishlayotgan tizim hali qanchalik ishonish mumkinligi ochiq savol boʻlib qolmoqda.

Abbosjon IMOMOV

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid