Sharqshunoslik universiteti binosini qurilish vazirining oila aʼzolariga aloqador kompaniya rekonstruksiya qiladi

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Mirobod tumani, Amir Temur shoh koʻchasi, 26-uy manzilida joylashgan oʻquv binosini (Konfutsiy nomidagi oʻzbek-xitoy instituti) rekonstruksiya qilish ishlari hech qanday tendersiz, Hukumatning 2022 yil 14 oktabrdagi 570-F sonli XDFU farmoyishi asosida “Trest-12” AJ kompaniyasiga berib yuborilgan.
Davlat xaridlari portalida keltirilishicha, binoni rekonstruksiya qilish uchun Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bilan “Trest-12” AJ kompaniyasi 2023 yil 10 fevral kuni umumiy qiymati 63 mlrd 20 mln soʻmlik shartnoma tuzgan.

“Trest-12” AJ kompaniyasi qurilish vaziri Botir Zokirovning oila aʼzolariga aloqador deb koʻriladi. Davlat reyestriga koʻra, kompaniyaning 51,1 foiz ulushiga Toshkent shahar hokimligi, 19,1 foiziga Zakirova Muazzam Saidaxmatovna, 14,1 foiziga Zakirov Jasur Batirovich, 13,1 foiziga Zakirova Muhayyo Oktabrevna, 2,6 foiziga esa boshqa jismoniy shaxslar egalik qiladi.

Eslatib oʻtamiz, 2021 yil may oyida Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov qurilish vaziri Botir Zokirovning oila aʼzolariga aloqador boʻlgan «Trest-12» kompaniyasi qoʻlga kiritgan loyihalarda manfaatlar toʻqnashuvi boʻlganini tasdiqlagan. «Gazeta.uz» nashri bergan xabarga koʻra, oʻshanda mazkur kompaniya tendersiz 5 trln soʻmlik loyihalarni amalga oshirgan.
