Bosh prokuratura xalq artistining videomurojaatiga eʼtibor qaratdi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Oʻzbekiston xalq artisti Malika Axmedovaning tergov harakatlaridan norozi boʻlib yoʻllagan videomurojaatiga Bosh prokuratura munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, videomurojaatiga asosan bugun M.Axmedova Mirzo-Ulugʻbek tumani prokurori Aliakbar Pulatovning qabuliga taklif qilingan va uning tergov bilan bogʻliq eʼtiroz va vajlari tinglangan.
“Qabul davomida M.Axmedovaga tuman prokuraturasiga taqdim qilingan jinoyat ishi tegishli tartibda oʻrganib chiqilganligi va tergov organiga ish boʻyicha qoʻshimcha tergov harakatlarini oʻtkazish haqida yozma koʻrsatma berilganligi tushuntirildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura.
Maʼlumot tariqasida: 8 aprel kuni jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash va sudga yuborish uchun tuman prokuraturasiga taqdim qilingan.
Avvalroq, ushbu holat boʻyicha Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati tergovga oid maʼlumotlar va shaxsga oid axborot ochiqlanmasligini bildirgandi. platina.uz esa ichki ishlar masʼullariga na tergov siri hisoblangan, na shaxsga doir maʼlumot sanalgan muhim savollarni koʻndalang qoʻygandi.