Bizda yagona qutqaruv xizmati nega yoʻq?

Uyingiz yonsa, 101ga, jinoyat boʻlsa, 102ga, yuragingiz ushlab qolsa, 103ga, gaz portlasa, 104ga qoʻngʻiroq qilasiz. Issiq suv toshsa, 1055ga, sovuq suvda 1255ga sim qoqasiz.
Aytgancha, eshik qulflanib qolsa, chuqurga tushib ketsangiz, togʻda adashsangiz, alohida 1050 qutqaruv xizmati bor. Ularga murojaat qilasiz.
Masalan, Amerikada qandayligini koʻpchilik juda yaxshi biladi. Hech boʻlmaganda kinolarda koʻrgan. Yuqoridagi xizmatlarning barchasi uchun bitta, yagona raqam bor — 911. Tunu kun ishlaydi va uzilish boʻlmaydi, qidirib yurmaysiz, uygʻonishini yo telefonini koʻtarishini kutmaysiz.
Bir misol keltiramiz: deylik, hozirgi kunda, roʻza paytida yakshanba kuni saharda uyingiz shiftidan katta miqdorda suv oqib tusha boshladi. Siz chol-kampirsiz, oʻzingiz eplolmaysiz. Aslida yoshlar ham uddalolmaydi.
Birinchi oʻrinda ularning xayoliga santexnik keladi. Darrov qoʻngʻiroq qiladi, ammo u javob bermaydi, aksinchi telefonini oʻchirib qoʻyadi. Axir dam olish kuni, ogʻizni yopganu uxlagan.
Soat ertalab 5, suv toʻxtamayapti. Uyboshini chaqirib, "JEK"dagilarning qoʻl telefonini olasiz. Ularda ham jimlik. Oxiri chol-kampirning xayoliga qutqaruv xizmati keladi: 1050.
Xayriyat, 1050dan kimdir goʻshakni koʻtaradi. Siz vaziyatni tushuntirasiz, ammo umuman kutilmagan javobni eshitasiz: "Biz kommunal sohada xizmat qilmaymiz". Yana faqat favqulodda holatda yordam berishlarini ham qoʻshimcha qilishadi.
Bu favqulodda holat boʻlmay nima?!
Favqulodda holatga oid 3 ta qonun bor:
- "Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida", 27.12.2008
- "Favqulodda holat toʻgʻrisida", 16.12.2021
- "Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida", 19.11.2022
"Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida"gi qonunda favqulodda vaziyatga quyidagicha taʼrif berilgan: "odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat".
Boshqa qonunlardagi taʼriflar global holatlarga nisbatan berilgan.
Endi katta savol: yakshanba kuni ertalab soat 4 da uyda suv toshyapti, uni yertoʻladan oʻchirish kerak, yertoʻla kaliti "JEK"da, "JEK" uyquda, shu vaqtda uyda yolgʻiz chol-kampir nima qilishi kerak? Axir ular davlatga ishonib shuncha yil mehnat qilib, pensiyaga chiqqan. Ammo davlat bir oddiy holatda yordam berolmayapti.
Bunaqa qutqaruv xizmati bizga kerakmi oʻzi? Hamma sohani integratsiya qilib, yagona xizmat tashkil qilish vaqti kelgandir balki. Odamlar qachongacha kimga, qaysi holatda qaysi raqamga qoʻngʻiroq qilishni qidirib yuradi?