platina.uz
Jamiyat

Antikorrupsiya agentligi rahbariga berilgan sovgʻalar roʻyxati eʼlon qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonov 2023 yilgacha qabul qilgan sovgʻalar reyestirini ochiq eʼlon qildi.
Antikorrupsiya agentligi rahbariga berilgan sovgʻalar roʻyxati eʼlon qilindi

Sovgʻalar turli davlatlardan keltirilgan. Eng arzoni 1,35 mln. soʻm boʻlib, Afgʻoniston Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi bergan stol ustiga qoʻyiladigan keramikadan ishlangan koʻzadir.

Eng qimmat sovgʻa esa Misr Maʼmuriy nazorat idorasi sovgʻa qilgan qora rangli qutisi bilan yogʻoch ustiga oʻrnatilgan metaldan ishlangan haykalcha boʻlib, uning narxi 3,2 mln. soʻm.

Agentlikka koʻra, sovgʻalarning bozor narxi savdo doʻkonlari, internet hamda boshqa manbalar va usullar orqali oʻrganilib, baholandi.

Eslatib oʻtamiz, 13 mart kuni davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaviy xavflarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek, uni tasarruf etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom kuchga kirgandi.

Nizomga koʻra, sovgʻaning qiymati BHMning 4 baravariga teng yoki undan koʻp boʻlsa, sovgʻa davlat fuqarolik xizmatchisida qoldiriladi va u tomonidan oʻz ixtiyoriga koʻra tasarruf etiladi. BHM 4 baravari 1 mln. 320 mingni tashkil qiladi.

Sovgʻa qiymati BHMning 4 baravaridan ortiqligi aniqlangan taqdirda, sovgʻa moliya-iqtisod boʻlinmasi tomonidan davlat organining balansiga kirim qilinadi va ulardan davlat organining ehtiyoji uchun foydalanishga ruxsat etiladi.

Demak, agar 2023 yilgacha olingan sovgʻalar ham hisoblansa, Akmal Burhonovga berilgan barcha sovgʻalar davlat mulki sifatida kirim qilinadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid