2022 yilda 73 ta 14 yoshga toʻlmagan bola bilan jinsiy aloqaga kirishish jinoyati sodir etilgan – Manba
Soʻnggi yillarda voyaga yetmaganlar hamda xotin-qizlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar soni ortib bormoqda.
Xususan, 2019 yilda 16 yoshga toʻlmagan bola bilan jinsiy aloqa qilishda aybli deb topilganlar soni 99 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2020 yilda – 153, 2021 yilda – 216, 2022 yilda – 238 nafarni tashkil etgan.
14 yoshga toʻlmagan bola bilan zoʻrlik ishlatib, jinsiy aloqaga kirishish jinoyatini sodir etganlar soni esa 2019 yilda – 52, 2020 yilda – 35, 2021 yilda – 57, 2022 yilda – 73 nafarni tashkil etgan.
Internetda bolalar pornografiyasini targʻib qiluvchi saytlar 2013 yildan 2017 yilga qadar 7 baravar oshib, 18,4 mlntani tashkil etgan.
Bunday noxush holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida aholi orasida profilaktik ishlarni kuchaytirish, huquqbuzarlik sodir etganlarni esa qilmishiga yarasha jazolash maqsadida xalqaro standartlarni oʻz ichiga qamrab olgan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari kafolatlarini kuchaytiruvchi yangi qonun imzolandi.
Shaxsning irodasiga qarshi unga tinmay qoʻngʻiroq qilish, uni qidirish, ish, oʻqish va yashash joyiga borib, orqasidan yurishi jabrlanuvchi uchun oʻta noqulaylik keltirib chiqaradi.
Chunki, beozor koʻringan bunday qilmishning zoʻravonlikka aylanishi oʻrtasida bir bahya boʻlib, u jabrlanuvchining oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun asosli xavfsirashiga sabab boʻladi.
Zero, Yevropa ittifoqi hududida oʻtkazilgan soʻrovlarda ishtirok etgan jinsiy zoʻravonlikka uchragan ayollarning 18 foizi, ayblanuvchi ularni oldindan beozor koʻrinishda taʼqib etib kelganligini bildirishgan.
Shaxs tanasining yoki jinsiy aʼzolarining yalangʻoch holdagi foto yoki videotasvirini oʻz ichiga olgan axborotni uning roziligisiz tarqatish, yoki tarqatish bilan qoʻrqitish qilmishlari uchun Kanada, Germaniya, Angliya, Shotlandiya, Yaponiya, Avstraliya, AQShdagi kabi jinoiy taʼqib belgilanib, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish, shaxsni, uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi soʻzlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash yoxud unga nisbatan shahvoniy maylni koʻrsatuvchi harakatlar uchun alohida maʼmuriy javobgarlik belgilanib, bu harakatlar uchun 1,5 mln soʻmgacha jarima yoki 5 sutkagacha qamoq jazosi nazarda tutilmoqda.
2021 yilda voyaga yetmagan farzandiga aliment toʻlashdan boʻyin tovlagan 5,3 mingdan ortiq fuqaro maʼmuriy qamoq jazosiga tortilgan boʻlsa, 2022 yilda bu koʻrsatkich 8,7 mingdan ortgan.
Qonunda aliment toʻlamaganlik uchun belgilangan jarima yoki qamoq jazosi aliment oluvchi bolaga hech qanday naf keltirmaydi. Aksincha, shaxsning mablagʻi jarima uchun undirilishiga yoki u qamoqqa olinib, 15 sutka mobaynida daromad topish va aliment toʻlash imkoniyatidan mahrum boʻlishiga olib keladi.
Buning oldini olish uchun qonunga yangi maʼmuriy jazo turi, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish jazosi kiritilmoqda. Bunda aliment toʻlamagan shaxsning jamoat ishlarini bajarib olgan haqining teng yarmi aliment oluvchiga beriladi.
Qonunda zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan belgilanadigan cheklovlarning yetarli emasligi xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan samarali himoya qilish imkoniyatini cheklamoqda.
Xususan, 2022 yilda ilgari himoya orderi berilgan xotin-qizlarning 12 nafari takroran zoʻravonlikka uchragan.
Amalda zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxsga himoya orderi order ichki ishlar idoralari tomonidan 30 kunga beriladi Yangi qonun bilan esa bunday orderning muddati sud tomonidan 1 yil muddatgacha uzaytirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, himoya orderi bilan zoʻravonga nisbatan jabrlanuvchi yashaydigan turar-joy maydoni yoki uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchining ish joyi boshqa joylarga yaqinlashishni muayyan vaqtga cheklash, muayyan joylarda boʻlmaslik, narkologik kasallikdan davolanish kabi qoʻshimcha majburiyatlar yuklatilish mumkinligi belgilanmoqda.
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan sudlarga kiritiladigan daʼvolar boʻyicha davlat bojini toʻlash majburiyatining mavjudligi xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash faoliyatiga toʻsqinlik qilmoqda.
Shu sababli, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda uning hududiy boʻlinmalariga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari boʻyicha hamda maʼmuriy sudlarga bergan daʼvolar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod qilinmoqda.
Bolalarning hayoti, sogʻligʻi yoki axloqi uchun xavfli boʻlgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilib, ushbu reyestrga kirgan shaxslarning taʼlim, tarbiya, bolalar sogʻlomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʻullanishi taqiqlanmoqda.