Toshkentda erkak onasiga tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun ayol shifokor yubormagan dispetcherni haqoratladi

Tarmoqlarda fuqaro onasi uchun ayol shifokorlarni yuborishni soʻrab feldsherga tahdid qilganligi yuzasidan tarqalgan videotasvir tarqaldi. Poytaxt IIBB holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, 1 aprel kuni 1990 yilda tugʻilgan N.X. onasining salomatligi yomonlashganligi sababli tez-tibbiy yordam xizmatiga qoʻngʻiroq qilib, xabarni qabul qilgan dispetcher 1998 yilda tugʻilgan G.Z. dan faqat ayol tibbiyot xodimlarini yuborishligini soʻragan.
Dispetcher tez tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha ichki qoidalarda bunday talab belgilanmaganligini maʼlum qilib, shu vaqtda boʻsh ayol shifokorlar brigadasi boʻlmaganligi sababli, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun eng yaqin brigadani yuborgan. Fuqaro manzilga yetib borgan brigadada erkak shifokorlarni koʻrib, ularni uyga kiritmay norozilik bildirgan hamda telefon orqali dispetcherni haqorat qilgan.
Holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari tomonidan fuqaro N.X. ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasi (“Haqorat qilish”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar yakuniy qaror qabul qilish uchun sudga yuborilgan.




