12 foizli QQS qanday qaytariladi?

Joriy yil 5 aprelda qabul qilingan “2023 yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarga ayrim tovarlar xaridi uchun toʻlangan QQS qaytarilishi belgilangan. Davlat soliq qoʻmitasi bu tartibning amalga oshish jarayonini tushuntirdi.
QQS qaytarib beriladigan mahsulotlar roʻyxati
- Qoʻy goʻshti
- Parranda goʻshti
- Mol goʻshti
- Tuxum
- Oʻsimlik yogʻi
QQSni qaytarib olish uchun "Ijtimoiy himoya yagona reestri"dagi isteʼmolchi Soliq mobil ilovasini yuklab olib, FACE ID orqali roʻyxatdan oʻtishi hamda ilovada xarid chekining QR-kodini skaner qilishi lozim.
QQSni qaytarishda sotib olingan mahsulot QQS qaytariladigan mahsulotlar roʻyxatiga kirganligi, xaridor "Ijtimoiy himoya yagona reestri" da ekanligi hamda tadbirkor QQS toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtganligi inobatga olinadi.
Agar reyestrdagi isteʼmolchi:
QQS qaytariladigan mahsulotlar bilan birga boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilib chekni roʻyxatdan oʻtkazganda QQS qaytariladigan mahsulotlar uchun 12%, boshqa turdagi mahsulotlar uchun 1% keshbekka ega boʻladi.
Shuningdek, QQS toʻlovchisi boʻlmagan tadbirkorlik subʼektidan QQS qaytariladigan mahsulotlar sotib olganda 1% keshbek qaytariladi.