“Kambagʻallikning ikkinchi asosiy belgisi”ga qarshi yechim bormi?
Soʻnggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5,5 million nafarga koʻpaydi. 2035 yilga borib, 45 million nafardan ortishi prognoz qilinmoqda. Aholi soni oshib borayotgan Oʻzbekistonda tabiiyki uy-joyga ehtiyoj ham ortadi. Tadqiqotlar natijasiga koʻra, aholi shaxsiy uy-joyga ega boʻlmaslikni kambagʻallikning ikkinchi asosiy belgisi, deb hisoblaydi.

Aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyoji hamda xarid jarayonida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni oʻrganish maqsadida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrov natijalariga koʻra, aholi orasida uy-joy sotib olishga ehtiyoj yuqori va turar joyga ehtiyoji borlarning 96 foizi bu borada koʻmakka muhtoj. Ularning 71 foizi shaharda va 29 foizi qishloq hududlarida yashaydi.
Shuningdek, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan oʻtkazilgan mazkur soʻrovnoma tahlillari hali hamon aholi orasida poytaxtda istiqomat qilishga qiziqish yuqoriligini koʻrsatgan. Poytaxtdagi aholi orasida ijarada turuvchilar ulushi sezilarli darajada yuqori va ularning 68 foizini davlat tashkiloti xodimlari tashkil etadi.
Shu oʻrinda eslatib oʻtish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga koʻra, 2020 yil 1 apreldan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkni olishda mamlakat fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi talab qilinmasligi aholida poytaxtdan uy xarid qilishda teng imkoniyatlar yaratdi.
Shuningdek, oʻtkazilgan soʻrovnoma natijasiga koʻra, uy-joy xarid qilmoqchi boʻlgan fuqarolarning koʻp qismi dastlabki badal va kredit foizlarini toʻlashda qiyinchilikka duch kelishini qayd etgan.
Yana rasmiy daromadga ega boʻlmagan aholining 25 foizi kreditning oylik toʻlovini toʻlashga qiynalishini taʼkidlagan boʻlsa, qolgan ishtirokchilar boʻyicha bu koʻrsatkich 22 foizni tashkil etadi. Yaʼni rasmiy daromad olmaydigan fuqarolar kelajakdagi daromad manbalarining noaniqligi tufayli oylik toʻlovlarda qiyinchilikka uchrashdan xavotirlanadi.
Maʼlumki, qishloq hududlarida asosan hovli-joylarga ehtiyoj yuqori boʻladi. Soʻrovda qatnashgan qishloq joylarida yashovchilarning 61,4 foizi yashash joyida oila aʼzolari soni koʻpligi hamda yashash maydonining kichikligi sababli uy-joyga ehtiyoji borligini bildirgan.
Xoʻsh, bu tahlillarga javoban qanday yechimlar bor?
Avvalo quyidagi raqamlarga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq: aynan Oʻzbekistondagi demografik oʻsish sabab 2017 yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy foydalanishga topshirildi. 2022 yilda 31 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivini qurish dasturi boshlandi. Shuningdek, 2023 yilda tijorat banklariga 31 ming oilaga uy-joy ipotekasi uchun 9 trillion soʻmlik resurs yoʻnaltiriladi.
Yana oxirgi uch yilda ehtiyojmand oilalarga boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari uchun 1,3 trillion soʻm subsidiya berilgan boʻlsa, birgina 2023 yilning oʻzida bu maqsadlar uchun 1,6 trillion soʻm subsidiya ajratilishi belgilandi.
Shu yaqin kunlarda yana bir maqsadli yechim amalga tatbiq etildiki, unga koʻra joriy yilning 1-mayidan boshlab rasmiy daromadi yetarli boʻlmagan aholiga ham ipoteka krediti olish uchun imkoniyat yaratiladigan boʻldi. Shuningdek, dastlabki badalni koʻproq toʻlagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Qishloq aholisining hovli joyni kengaytirishga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun esa 2023 yilda 10 ming kishiga hovlisini kengaytirishi yoki qoʻshimcha qurilish qilishi uchun 1,5 trillion soʻm miqdorida kredit ajratilishi belgilangan.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun turar joyga boʻlgan ehtiyoj ortib borayotgan sharoitda ipoteka kreditining qulay va moslashuvchan shartlarini ishlab chiqish, ipoteka bozoriga zamonaviy mexanizmlar va institutsional islohotlarni joriy etish aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
DARVOQE
Avvalroq kambagʻallikka qarshi kurash va inson potensialini rivojlantirish boʻyicha Oksford tashabbusi tomonidan ishlab chiqilgan koʻp oʻlchamli kambagʻallik indikatorlarini aniqlash maqsadida Navoiy viloyatida tadqiqot oʻtkazilgandi. Bu tadqiqot soʻrovda ishtirok etgan aholi mavjud 23 ta indikator orasidan shaxsiy uy-joyga ega boʻlmaslikni kambagʻallikning ikkinchi asosiy belgisi, deb hisoblashini koʻrsatdi.