Samarqandda soliq bosh inspektori, Namanganda advokat pora bilan qoʻlga tushdi - DXX

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand va Namanganda pora bilan tushgan shaxslar qoʻlga olindi.
Xususan Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda viloyat Davlat soliq boshqarmasi soliq nazorati boʻlimi bosh inspektori Pastdargʻom tumanida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatda oʻtkazilgan tekshiruvda aniqlangan 2,5 mlrd soʻmlik soliq qarzdorligini ushbu tekshiruvni oʻtkazgan hamkasbi orqali 1 mlrd soʻmga tushirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa bir holatda esa Namangan shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati mahalliy fuqaroning maʼmuriy sudda koʻrilayotgan mulkiy nizo bilan bogʻliq masalasini sud idoralarida ishlovchi tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish evaziga 10 ming AQSh dollari, shuningdek, koʻrilayotgan ish doirasida ekspertiza xulosasini rasmiylashtirib berish evaziga 2 ming AQSh dollari, jami 12 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 7 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 (firibgarlik) va 28,211 (pora berish) -moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.