platina.uz
Jamiyat

Oʻqituvchilarning koʻksiga nihoyat shamol tegdimi?

Saida Mirziyoyevaning gapi isbotini topdi: endi nima boʻladi?

"Shunday jamiyat qurishimiz kerakki, unda oʻqituvchining qadri ham, qaddi ham baland boʻlishi zarur. Ushbu kasb egalariga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlar maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak. Bu borada tegishli qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilmoqda".

Saida Mirziyoyeva tomonidan bildirilgan ushbu fikrlar koʻp vaqt oʻtmasdan oʻz isbotini topdi. Yaʼni shu yil 27 mart sanasida qabul qilingan qonunga koʻra, endi mamlakatimizda oʻqituvchilarni oʻz vazifasidan tashqari ishlar – uyma-uy yurish, paxta terish, koʻcha supurish kabi turli-tuman majburiy mehnatga jalb etish hamda ularning xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan jazo chorasiga sabab boʻladi.
Prezidentning yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi Odil Abdurahmonov bu tartibni tarixiy hujjat deya izohladi:

“Koʻp yillardan beri hududlarimizda pedagog xodimlarimiz tizimda 750 mingdan ortiq boʻlganligini inobatga olib hamda koʻp hollarda joylardagi organlar tomonidan ularni oʻzining faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan u yoki bu yumushga jalb qilish masalasi haqida gap ketarkan, endilikda bu borada qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilsa ham fuqarolarga, ham mansabdor shaxslarga qatʼiy chora koʻriladi”.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi yuristi Xurshid Asrorovning izohicha, 2023 yil 27 mart sanasida qabul qilingan qonunga koʻra, pedagoglarning faoliyatiga asossiz aralashuv hamda ularni majburiy mehnatga jalb qilish takror sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Qonundagi ushbu oʻzgartirishlar ustozlar uchun tarixiy voqea albatta. Bugun nafaqat taʼlimni, balki tarbiyani ham baholi qudrat oʻquvchilarga oʻrgatib kelayotgan zahmatli kasb egalari mazkur yangilikni quvonch bilan qarshi olishdi.

16 yildan beri taʼlim sohasida faoliyat yuritib kelayotgan Lola Miralimova soʻzlariga koʻra, oʻqituvchilar paxta terishdan tortib, uyma-uy yurish, koʻcha supurish, metallom yigʻish va boshqa shu singari muammolarni kechgacha yurib hal qilishga jalb etilgan. Hozirgi kunda bu jarayonlar bartaraf qilinganidan pedagog xursand.

1991 yildan bugungi kunga qadar tarix fani oʻqituvchisi sifatida ishlab kelayotgan Qoʻldoshali Ehsonov esa "Mustaqillikka erishgan yilimizdan buyon taʼlim tizimidagi juda koʻp past balandliklarni bosib oʻtdim. Avvalgi davr bn hozirni solishtirsak yer bilan osmoncha farq bor. Majburiy mehnatning barham topgani bu yaxshi yangilik. Ammo maktab hududini obodonlashtirish men uchun bundan mustasno" deydi.

Bugungi kunda Shayxontohur tumanining 40-maktabida direktor oʻrinbosari sifatida ishlab kelayotgan Shahlo Mavlyanova aytishicha, pedagoglar avvallari koʻp qavatli uylarning oldini tozalashga, koʻcha-koʻyni supurishga jalb qilingan.

“Hozirgi qabul qilingan qonun nazarimda millatning ertangi egalari taqdiri uchun ayniqsa ahamiyatli” deydi Shahlo Mavlyanova.

Ayni paytda esa oʻqituvchilarni “Open byudjet”ga ovoz yigʻish uchun jalb qilish holatlari ham koʻp muhokama boʻldi. Mazkur masalada Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi yuristi Xurshid Asrorovning izohicha, “Open byujdet”ga ovoz berish jarayonida oʻqituvchilarning ishtiroki bu oʻzining tashabbusi bilan boʻlsa yaxshi. Chunki har bir xodim oʻzi faoliyat olib borayotgan dargohning yanada mukammal boʻlishi uchun koʻngilli ravishda ovoz berishdagi ishtiroki sanaladi. Ammo oʻqituvchilarni bekatlarda, bozorlarda yoki shunga oʻxshash boshqa odam gavjum boʻladigan joylarda ovoz yigʻishga majburlashni hech qanday soʻz bilan izohlab boʻlmaydi. Bu kabi holatlarga qonuniy choralar koʻrilmoqda".

Buyuk adibimiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek: "Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir". Endilikda oʻqituvchilarga yaratilayotgan imtiyozlar bilan birga masʼuliyat ham har qachongidan ortmoqda. Shunday ekan, kelajak avlod taʼlimiga masʼul fenomenlarni faqat 1 oktabr sanasida emas, balki har kuni qadrlasak arziydi.

Abbos Imomov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid