Yana bir tashkilotning 7 ta davlat xaridi bekor qilindi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijasida “Toshkent ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi buyurtmachiligida “etender.uzex.uz” portali orqali avtomobil yoʻllarini joriy taʼmirlash uchun 2023 yil 27 mart kuni soat 23:35 dan 28 mart kuni soat 00:44 gacha joylashtirilgan eʼlonlar yuzasidan 7 ta lot boʻyicha jami 3 625,5 mln soʻmlik davlat xaridlari noqonuniy ravishda oʻtkazilganligi aniqlandi.
Xususan, xarid komissiyasi tomonidan foydalanilgan kompyuter IP-manzillari maʼlumotlari oʻrganilganida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10, 14 va 46-moddalari talablariga zid ravishda korxona xarid komissiyasi raisi, aʼzolari (ovoz berib baholash vakolatiga ega) va komissiya kotibi 2023 yil 27 mart kuni soat 23:35 dan 28 mart kuni soat 00:44 gacha 7 ta lot boʻyicha IP-manzili bir kishiga tegishli boʻlgan kompyuter orqali boshqarilib, xarid natijalari baholanganligi va bayonnoma rasmiylashtirilganligi maʼlum boʻldi.
Ushbu davlat xaridida ishtirok etib, barchasida gʻolib deb topilgan tadbirkor va boshqa ishtirokchilarning hujjatlari elektron portalga buyurtmachi foydalangan IP-manzil orqali yuklangan.
Mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi, toʻplangan hujjatlar Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi hamda xizmat tekshiruvi oʻtkazish uchun Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga soʻrovnoma kiritildi.
Agentlikning taqdimnomasiga binoan “Toshkent ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan 2023 yil 1 aprel kuni 7 ta lot boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilindi.