Navoiyda oʻqituvchilar "Tashabbusli byudjet"ga ovoz yigʻish ishlariga jalb qilingani isbotini topdi

Oʻrganish natijalariga koʻra, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi 24-sonli hamda Navbahor tumanidagi 9-sonli oʻrta umumtaʼlim maktablarida maktab rahbariyatlari tomonidan oʻzlari rahbarlik qilib kelayotgan maktab oʻqituvchilarining xizmat vazifalariga kirmaydigan tashabbusli budjet loyihasiga ovoz yigʻishga targʻib qilganligi va majburan jalb qilganligi hamda ularning harakatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning tegishli moddalarida koʻrsatilgan huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan. Oʻrganish natijalaridan kelib chiqqan holda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mazkur taʼlim muassasalarining mansabdor shaxslari belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.
Avvalroq, "Tashabbusli byudjet" uchun ayrim soha vakillarining ovoz yigʻish ishlariga jalb qilinganligi holatlari Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan atroflicha oʻrganilayotgani haqida avval xabar bergan edik .
Komissiya majburiy tarzda biror bir mehnatga jalb etish bilan bogʻliq muammolarga duch kelgan yoki mazkur holatdan xabardor boʻlgan yurtdoshlarimizni mk@senat.uz, “1176” hamda “1092” raqamli “ishonch telefon”lariga murojaat qilishini soʻramoqda.
Eslatib oʻtamiz, "Tashabbusli byudjet" uchun ayrim soha vakillarining ovoz yigʻish ishlariga jalb qilinganligi boʻyicha Oliy Majlis Senati fuqarolarga murojaat bilan chiqqani haqida xabar bergandik.




