Farxod Mannapov vafot etgan klinikada avval oʻlim holati kuzatilmagan – Bosh prokuratura

Bosh prokuratura xabar berishicha, Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Farxod Mannapovning oʻlimi bilan bogʻliq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Tergov davomida jarrohlik amaliyotini oʻtkazgan klinika shifokorlari, anesteziolog hamda marhumning tanishlari, shuningdek, jami 15 nafar shaxs guvoh tariqasida soʻroq qilingan.
Shu bilan birga, jinoyat ishi boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligiga tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasi olinib, jinoyat ishi hujjatlariga qoʻshilgan.
Bundan tashqari, jinoyat ishi doirasida murakkab ekspertizalarni oʻtkazish jarayoni ketmoqda.
Dastlab olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida 2013 yilda ushbu klinikada yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etganligi haqida koʻrsatma olingan.
Biroq, tergov davomida ushbu vaj oʻz tasdigʻini topmaganligi sababli jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a» bandidan 116-moddasi 3-qismiga qayta malakalangan.
Barcha zarur tergov harakatlari oʻtkazilganidan soʻng ish boʻyicha qonuniy toʻxtamga kelinadi.